O‘n yettinchi hijriy sana Islom tarixida ramoda, ya’ni “ochlik yili” nomi ila mashhurdir. O‘sha yili qattiq qahatchilik, ochlik hukm surgan. Ana shunda hazrati Umar roziyallohu anhu aholini halokatdan saqlab qolish uchun katta tadbirkorlik va fidokorlik ko‘rsatganlar.
Ibn Sa’d Aslamdan quyidagilarni rivoyat qiladi: "Ramoda (ochlik) yili bo‘lganda arablar har tomondan Madinaga yopirilib keldilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu odamlarni tayinlab, ularga qarab turishni, taom va xo‘rak taqsimlab berishni buyurgan edilar.
Yaziyd ibn Uxti an-Nimr, al-Misvor ibn Makrama, Abdurrahmon ibn Abdul Qori, Abdulloh ibn Atoba, Ibn Mas’ud roziyallohu anhumlar har kecha Umar roziyallohu anhuning huzurlarida to‘planib, qilgan ishlari haqida xabar berar edilar.
Ulardan har birlari Madinaning bir nohiyasiga qarar edi. A’robiylar Ra’sus Saniya, Romij, Bani Horisa, Bani Abdul Ashhal, Baqiy’, Bani Qurayza, bir qismlari Bani Salama nohiyasiga tushgan edilar. Ular Madinaga to‘lib ketishgan edi. Bir necha odamlar ovqat qilib bo‘lganlaridan keyin Umarning: "Bizning oldimizda kechki taom yeganlarni hisoblab chiqinglar", deganini eshitdim. Hisoblashgan edi, yetti ming kishi chiqdi. "Bu yerga kelmagan ahli ayol, bemor va bolalarni ham hisoblab chiqinglar", dedi u. Hisoblashgan edi, qirq ming kishi chiqdi.
So‘ng bir necha kecha o‘tdi. Odamlar ziyoda bo‘ldi. U yana amr qildi. Hisoblashgan edi, uning huzurida kechki taom yeganlar o‘n mingta, boshqalar esa, ellik mingta chiqdi.
Ko‘p o‘tmay, Alloh osmondan yomg‘ir yog‘dirdi. Shunda Umar haligilarning har bir nohiyasiga bir vakil tayin qilib, odamlarni cho‘lga chiqarishini buyurdi. Ularga taom va cho‘lga olib ketish uchun yuk ham berishar edi. Umarning o‘zi ham ularni tashiyotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Aslam aytadiki: "Ularning ichida o‘lim tarqalgan edi. Menimcha, uchdan ikkilari o‘lib, uchdan birlari qoldi. Umarning qozonlari ustida odamlar tik turib, tong otguncha karkur pishirib chiqar edilar. So‘ngra bemorlarga berar edilar. Asoid (un bilan yog‘) ham pishirib berar edilar. Umarning buyrug‘i ila katta qozonlarga o‘t yoqilib, yog‘ qaynatilar, soviganidan keyin nonga bulab, sariyd qilinar va haligi yog‘ga qo‘shib yeyilar edi. Arablar yog‘ yesalar, isitmalari chiqar edi. Umar Ramoda zamonida biror farzandining uyida ham, birorta xotinlarining uyida ham taom yemadi. Alloh odamlarga to jon kirgizgunicha faqat ular bilan kechki taom yer edi, xolos".
Ibn Sa’d Firos ad-Daylamiydan rivoyat qiladi: "Umar ibn Xattob roziyallohu anhu har kecha dasturxoni uchun Amr ibn Oss roziyallohu anhu Misrdan yuborgan tuyalardan yigirmatasini so‘yar edilar".
Shu bilan birga, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Allohdan el-yurt boshidan bu baloni ko‘tarishini so‘rab, sunnatga muvofiq ommaviy ibodatni ham tashkil qilganlar.
Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qahatchilik bo‘lganda Abbos ibn Abdulmuttolib ila istisqo qildi: "Ey bor Xudoyo. Albatta, biz Senga Payg‘ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi biz senga Payg‘ambarimizning amakisi ila tavassul qilamiz. Bizni serob qilgin", dedi. Yana: "Serob qilinurlar", dedi. Hazrati Umar roziyallohu anhu odamlarni to‘plab, o‘zlari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning choponlarini kiyib olib, kishilarni namozgohga boshlab chiqqanlar va hazrati Abbos roziyallohu anhuni vasila qilib, istisqo qilganlar.
Rivoyat qilinishicha, o‘sha kuni Abbos roziyallohu anhu Alloh taologa tazarru qilib: "Ey bor Xudoyo! Albatta, gunoh bo‘lmasa, balo tushmas. Tavba bo‘lmasa, bu ko‘tarilmas. Mana biz qo‘llarimizni o‘zingga ochib, gunohlarimizni e’tirof qilamiz. Boshlarimizni Senga egib, tavba qilamiz. Bizni najot yomg‘iri ila serob qilgin", deganlar. Shunda yomg‘ir quyib yoqqan. Yer to‘yib, odamlarga jon kirgan.
Ko‘pchilik ulamolarning ta’kidlashlaricha, o‘sha yili Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘g‘rining qo‘lini kesish hukmini ham vaqtincha to‘xtatganlar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning huzurlariga Muzayna qabilasidan birovning tuyasini o‘g‘irlaganliklari uchun bir necha yigitni ushlab, olib keldilar. Hazrati Umar ularning qo‘llarini kesishga amr qildilar. Shunda ba’zilar bu yigitlar Ibn Hotib ibn Balta’a ismli kishining yigitlari ekanligini, xo‘jayinlari ularga ovqat bermaganligidan tuya o‘g‘irlab, so‘yib yeyishga majbur bo‘lganliklarini aytdilar. Hazrati Umar hukmni darhol bekor qildilar. Xo‘jayinni chaqirib kelib, koyidilar va uni o‘g‘irlangan tuyaning bahosini ikki barobar to‘lashga amr qildilar. Shundan keyin hozircha o‘g‘rining qo‘lini kesmay turish haqida farmon chiqardilar. Ba’zi kishilar bu ishni, shariatning hukmini vaqtincha bekor qilish, deb ataydilar. Aslida esa, bu ish shariatning hukmini o‘z o‘rnida ishlatishdir.
Islom jamiyati o‘z a’zolarining ijtimoiy ta’minotlarini yaxshilab yo‘lga qo‘yadi. Avvalo nochor kishilarning nafaqasini yaqin qarindoshlariga Allohning oldidagi diniy burch sifatida vojib qiladi. Ota farzandlariga, er xotiniga, aka ukalariga, farzand ota-onasiga va hokazo, nafaqa berishi shart. Ya’ni, boy qarindoshlar nochorlariga nafaqa berishlari vojib. O‘z ixtiyorlari bilan berishmasa, qozi hukm chiqarib, majbur qiladi. Nochor insonning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, unga jamiyat yordam beradi, boy musulmonlar nafaqa beradilar. Ish beruvchi ishchiga nafaqa beradi va hokazo. Agar bu choralar qo‘llanmagan bo‘lsa, o‘g‘rilik sodir etilsa, jamiyat uning qo‘lini kesishga hukm chiqarishga haqli bo‘la olmaydi.
Xuddi shuning uchun ochlik yilida, jamiyat odamlarni ta’minlay olmay qolganida shariat ruhini daqiq nuqtalarigacha tushungan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shariatning hukmiga binoan, vaqtincha o‘g‘rining qo‘lini kesmay turishni joriy qildilar.
"Hadis va Hayot" kitobidan olindi.