Bugun 6 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Haydovchi ichgan edimi?

A A A
Haydovchi ichgan edimi?

So‘nggi yillarda yo‘l-transport hodisalarining ko‘paygani tufayli fuqarolarga turli jarohatlar yetishi, ayrim hollarda esa jabrlanuvchilarning halok bo‘lishayotgani, sudlar tomonidan “Yo‘l harakati qoidalari” talablarini buzuvchi shaxslarga murosasiz bo‘lishga, ayniqsa spirtli ichimliklar ichib transport boshqargan shaxslarga nisbatan keskinroq jazo tayinlab, bunday turdagi huquqbuzarliklarni oldini olish uchun qoidabuzarlarga jazo muqarrarligini ta’minlash dolzarb talabga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasida spirtli ichimlik ichib transport vositasini boshqargan shaxsga, mazkur kodeksning 136-moddasida esa transport vositasi haydovchisi va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan bo‘yin tovlagani uchun tegishli jazolar nazarda tutilgan. Mazkur qonun normalarida huquqbuzarlarga nisbatan ikki xil jazo turi qo‘llanishi va jazolarning bir muncha og‘irligi bugungi kunda o‘zining ijobiy natijasini berayotgani, transport vositasini spirtli ichimlik ichib boshqarish holatlari ancha kamaygani hech kimga sir emas.

Shu bilan birga sud amaliyotida uchrayotgan yuqoridagi huquqbuzarlikka oid yana bir holatga ham e’tibor qaratish lozim deb hisoblaymiz. Ya’ni, ayrim hollarda ko‘rsatkich ortidan quvib, spirtli ichimlik ichmagan haydovchilarga nisbatan qonunga xilof tarzda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni rasmiylashtirish kabi salbiy holatlar ham mavjud.

JIB Quva tumani sudida mazmunan ko‘rib chiqilgan, O.Musayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 135-moddasi 1-qismi va 136-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan ma’muriy ish ham bir muncha “bo‘rttirilgan” bo‘lib chiqdi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, O.Musayev 2022 yil 2 mart kuni soat 2045da o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasini sug‘urta polisi hujjatisiz, Quva tumani, Qo‘shkechik qishlog‘ida boshqargani va uning mast holda transport vositasi boshqarganini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani bayon etilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Sud muhokamasida tomonlar ko‘rsatuvi eshitilib, ishda mavjud hujjatlar hamda taqdim etilgan dalillar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi hamda voqea sodir bo‘lgan kuni huquqbuzar O.Musayev avtomashinasini sug‘urta polisi hujjatisiz boshqargani, ammo spirtli ichimliklar ichmagani, uni to‘xtatgan YHXB YPX xodimi R.Abduraxmonovning taklifi bilan Quva tumani tez tibbiy yordam bo‘limiga kelgani, ammo u yerda uni spirtli ichimliklar ichgan yoki ichmagani bo‘yicha tekshirishmagani, o‘zi tekshiruvdan bosh tortmagani, YHXB YPX xodimi tuzgan dalolatnomaga imzo qo‘yib berganini bayon etdi. Quva tumani tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi vrachi SH.Sarimsaqov ham tibbiy bo‘limda narkologiya bo‘linmasi va spirtli ichimlik ichgan shaxslarni tekshirish uchun maxsus apparat mavjudligi, ammo O.Musayev tekshiruvdan o‘tkazilmagani, holatga guvoh bo‘lgan tibbiy yordam bo‘limi haydovchisi I.Xolmatov esa huquqbuzar O.Musayev tibbiy tekshiruvdan bo‘yin tovlamaganini bayon etishdi.

Voqea sodir bo‘lgan kuni O.Musayevga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzgan YHXB YPX inspektori R.Abduraxmonov tomonidan unga biriktirilgan “Body Camera”si ishlatilmagani sababli sudga hodisa videoyozuvlari taqdim etilmadi.

Sud, huquqbuzar O.Musayevga oid ma’muriy ishni atroflicha ko‘rib chiqib, yuqoridagi dalillarni e’tiborga olib, uning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 136-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan qilmish alomatlari yo‘qligi sababli, ishning mazkur qismini MJtK 271-moddasi 1-qismi 1-bandiga muvofiq harakatdan tugatdi hamda o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan YHXB YPX inspektori R.Abduraxmonov tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishini muhokama qilishlik va kelgusida mas’ul xodimlar tomonidan haydovchilarning yuqoridagidek huquq va manfaatlarini buzilishini oldini olish uchun viloyat IIB YHXB boshlig‘iga taqdimnoma chiqardi.

Zafarjon Omonov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudini raisi.

Kiritildi: 10:24 24.10.2022. O'qildi: 3113 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!