Bugun 6 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Hargiz mast qiladigan narsa ichma

A A A
Hargiz mast qiladigan narsa ichma

Xamr (mast qiluvchi narsa) ichishda o‘nta yomonlik – illat bor. Birinchisi: xamr ichuvchi majnun (jinni) o‘rnidadir. U aqlsiz bolalarga masxara va aqllilar oldida badnom bo‘lib qoladi. Ibn abu Dunyo aytadi: «Bag‘dod ko‘chalaridan birida mast odamni ko‘rdim. U bavl qilib, o‘z kiyimlariga surtar va: “Alloh, meni tavba etuvchilardan va poklanuvchilardan qilgin”, derdi».

Ikkinchisi: xamr aqlni ketkazuvchi va molga talafot yetkazuvchidir. Xuddi Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) aytganidek: “Alloh, xamr haqidagi hukmingni bildir. Chunki xamr molga talafot keltiruvchi, aqlni ketkazuvchidir”.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) bu duolarini xamrning haromligi haqidagi oyat nozil bo‘lmasidan oldin aytganlar.

Uchinchisi: xamr ichish aka-uka, yoru birodar va boshqa insonlar orasida adovat tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Alloh subhonahu va taolo bunday ogohlantiradi:

“Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni… xohlaydi” (Moida, 91).

To‘rtinchi: xamr ichish Allohning zikridan va namozdan qaytaradi. Bu haqda Alloh subhonahu va taolo bunday deydi:

“…sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida, 91).

Beshinchi: xamr ichish kishini o‘zi bilmagan holda zino qilishga va xotinini taloq etishga olib boradi.

Oltinchi: xamr barcha yomonliklar kalitidir. Zero, u gunohlarga qo‘l urishni yengil qilib ko‘rsatadi.

Ettinchi: xamr ichganning og‘zidan chiqayotgan badbo‘y hiddan hafazatil kiromlar (har bir kishini himoya qilib yuruvchi farishtalar) aziyat chekadilar.

Sakkizinchi: xamr ichuvchi o‘ziga sakson darrani vojib qilib oladi. Agar bu dunyoda urilmasa, oxiratda olovdan bo‘lgan qamchi bilan odamlar orasida savalanadi. Otasi, do‘stlari, o‘g‘illari va boshqa odamlar bunga guvoh bo‘lib turadilar.

To‘qqizinchi: xamr ichuvchi o‘ziga qirq kun osmon eshiklari­ni yopib qo‘yadi. Shu qirq kun ichida uning yax­shi amallari va duolari qabul bo‘lmaydi.

O‘ninchisi: xamr ichuvchi o‘zini xatarga qo‘yadi. Chunki mast holida o‘lim topsa, imonidan ajrab qolish xavfi bor.

Shuning uchun ham Alloh subhonahu va taolo xamr masalasida to‘rt oyat nozil etib, uni harom qilgan. Bu oyatlardan Makkada nozil bo‘lganlari quyidagilardir:

“Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa, may va go‘zal rizq olursiz. Albatta, bunda ham anglaydigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl, 67).

Bu oyat nozil bo‘lgan paytlarda hali xamr harom qilinmagani uchun musulmonlar ichib turishardi.

Umar ibn Xattob va Muoz ibn Jabal hamda ansorlardan iborat bir jamoa sahobalar (Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin) Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga kelib: “Yo Rasululloh! Bizga xamr va qimorning haromligi borasida fatvo bering. Chunki bular aqlni ketkazuvchi va molni talon-­taroj qilguvchidir”, dedilar. Shundan keyin Alloh taolo ushbu oyatlarni nozil qildi:

“Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida so‘ramoqdalar. Ayting: “U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ayrim) foydalar bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir…” (Baqara, 219).

Abdurahmon ibn Avf bir kuni ziyofat qilib, unga Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalaridan bir jamoatni taklif qildi. Dasturxonga taom bilan birga xamr ham qo‘ydi. Mehmonlar ichib, mast bo‘lib qolishdi. Shom namozining vaqti kirib, hammasi namozga turdi. Ularning biri imomlikka o‘tib, shom namozini o‘qib bera boshladi va Kofirun surasini qiroat qilayotib adashib ketdi.

Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi:

“Ey imon keltirganlar! Toki gapirayotgan gapingizni (o‘zingiz) biladigan bo‘lguningizgacha, mast hollaringizda namozga yaqinlashmangiz…” (Ni­so, 43).

Shu oyat hukmi tufayli mastlik vaqtida namoz o‘qish harom qilindi. Shundan keyin bir guruh musulmonlar: “Namoz bilan bizning o‘rtamizda xalal beruvchi bu narsada yaxshilik yo‘q ekan”, deb ichishni bas qildilar. Yana bir guruh namoz vaqtida ichmaydigan bo‘ldi. Lekin xufton namozini ado etganidan so‘ng ichishardi. Chunki bomdodgacha vaqt uzoq bo‘lib, mastliklari tarqab ketgandek bo‘lardi yoki bomdoddan keyin ichishganida to peshingacha ancha hushyor tortib qolishardi.

Bu voqea ham shunga o‘xshash holatda yuz beradi: Utba ibn Molik taom hozirlab, musulmonlardan iborat bir qancha kishilarni mehmonga chaqiradi. Ular orasida Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) ham bor edi. Utba tuya kallasini pishirib, mehmonlar oldiga qo‘yadi. Ular taomdan yeb, xamr icharkanlar, mast bo‘lib qoladilar. Keyin bir-birlariga nasabu hasablari bilan faxrlana boshlaydilar. Sa’d shu majlisda o‘z qavmi bilan faxrlangan holda, ansorlar hajv qilingan qasidani o‘qiydi. Ansorlardan bir kishi turib, tuyaning tozalangan jag‘ suyagi bilan Sa’dning boshiga tushiradi. Boshi yorilib, qon oqa boshlaydi. Sa’d Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga borib, ansorlar ishidan shikoyat qiladi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “Alloh, xamr borasida bizga ochiq hukmni bayon qilgin”, deb duo qiladi. Alloh taolo xamrning haromligi haqida ushbu oyatlarini nozil qildi:

“Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida, 90–91).

Quyida ichuvchilar haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan vorid bo‘lgan hadisi shariflarni keltirib o‘tamiz:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kimki zino qilsa va xamr ichsa, xuddi inson kiyimini bosh tomonidan yechgani kabi Alloh undan imonini sug‘urib oladi” (Imom Hokim, Zahabiy va Munziriy rivoyatlari).

Xamrni, uning ichuvchisini, quyib beruvchisini, sotib oluvchisini, sotuvchisini, savdolashib beruvchisini, siqib oluvchi va siqdiruvchisini, uni ko‘taruvchini va uni deb harakat qiluvchini Alloh la’natladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Zinokor zino qilayotganida mo‘min holda bo‘lmaydi, o‘g‘ri o‘g‘irlik qilayotgan paytida mo‘min holda bo‘lmaydi, ichuvchi xamr ichayotgan chog‘ida mo‘min holda bo‘lmaydi”. Ikki shayx va boshqalar ham Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan shuni rivoyat qilganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, xamr ichmasin, kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, xamr ichilayotgan dasturxonda o‘tirmasin” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Ichkilikka mukkasidan ketgan kishi tavba qilmasdan o‘lsa, Allohga xuddi butga ibodat qiluvchi kabi yo‘liqadi” (Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Uch toifa bor, Alloh ularga jannatni harom qilgan (ya’ni, ularni hech qachon jannatga kiritmaydi). Ular – ichkilikka mukkasidan ketgan kishi, ota-onasiga oq bo‘lgan va o‘z ahlidan sodir etilayotgan buzuq ishlarga indamay rozi bo‘ladigan dayus”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Barcha mast qiluvchi narsa xamrdir va barcha xamr haromdir”.

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) xutba qilib, bunday deganlar: “Ey insonlar! Xamrdan ehtiyot bo‘ling. Chunki u barcha iflosliklarning onasidir. Sizlardan oldin o‘tgan qavmlardan birida bir obid kishi bor edi. Uni yomon bir ayol yo‘ldan urmoqchi bo‘lib, cho‘risiga o‘sha obid kishini uyiga chorlab, ichkariga kiritishni buyurdi. Hech narsadan bexabar obid uyga kirgach, ayol eshikni qulfladi. Ayol huzurida xamr va bir norasida bola bor edi. Ayol obidga: “Sen bu idishdagi xamrni ichasan yoxud men bilan zino qilasan yoki bu bolani o‘ldirasan. Shu ishlardan birortasini qilmasang, ko‘chaga chiqib, bu kishi uyimga bostirib kirdi, deb qichqiraman. Keyin senga kim ishonadi?” dedi. Kishi o‘ziga o‘zi: “Bu fohisha bilan birga bo‘lmayman. Bu bolani o‘ldirmayman”, dedi va ko‘zadagi xamrni ichdi (gunohini yengilroq hisobladi). Mast bo‘lib qolgach, ayol bilan ham bo‘ldi, bolani ham o‘ldirdi”.

Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) yana bunday dedilar: “Xamrdan uzoqda bo‘linglar. Chunki u barcha razilliklar onasidir. Allohga qasam, imon bilan xamr kishi qalbida jam bo‘lmaydi. Biri bo‘lsa, ikkinchisini ketkazadi”.

Shuning uchun xamr ichgan kishi tilidan kufr so‘zlar bemalol chiqib ketaveradi. Musulmon odam o‘lim arafasida ham kufr kalimasini aytib qo‘yish bilan dunyodan imonsiz ketib, hasratu nadomatda qolishdan qo‘rqadi.

Ba’zi xabarlarda kelishicha, xamr ichuvchi (qiyomatda) qabrdan o‘laksa kabi badbo‘y holda tiriltiriladi. U jahannamda Fir’avn va Homonlar bilan birga bo‘ladi. Jahannamda unga “tiynat ul-xabol” (jahannam ahlidan oqadigan yiringdan ichiriladi).

Shunday ekan, azizlar, xamr ichish u yoqda tursin, unga yaqin ham bormang. Uning yaqinlari hisoblanuvchi barcha narsalardan yiroqda bo‘ling. Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Xamr barcha fahsh ishlarning boshidir”, degan so‘zlarini hech qachon unutmang.

Agar bu gunohni sodir qilib qo‘ygan bo‘lsangiz, uni va shu kabi gunohlaringizni yuvishga imkoniyatingiz bor. Barchasiga tavba qilasiz va qaytib bu ishni qilmaysiz. Buning uchun sizga Alloh taoloning:

“(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur…” (Zumar, 53) oyati kifoya qiladi.

Shuningdek, nasha, afyun va barcha narkotik moddalar ham xamr turiga kiradi. Zero, bularning barchasi inson uchun halokat, hayotning tomiri “dunyo hayotining ziynati” (Kahf, 46) bo‘lgan aql va molni barbod qiluvchi, yakson etuvchi eng zararli omillardir. Shuning uchun ham Alloh taolo amr qiladi:

“…va o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara, 195).

“…shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso, 29).

“…pok narsani nopok narsaga almashtirmangiz!…” (Niso, 2).

“Bas, (ey mo‘minlar!) Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yeng…” (Nahl, 114).

“Isrofgarlikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki is­rofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi” (Isro, 26-, 27).

Manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 06:45 17.09.2019. O'qildi: 4123 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!