Harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilingandan so‘ng, qurolli askarlar parlament binosini tark etishdi. Bu haqda YTN telekanali xabar berdi . Eshittirishda askarlar xotirjamlik bilan Milliy assambleya binosidan chiqib ketayotgani va yaqin atrofga to‘plangani tasvirlangan.
Biroz oldin Janubiy Koreya parlamenti a’zolari mamlakat prezidenti Yun Seok Yol tomonidan joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga chaqiruvchi rezolyusiyani qabul qilgan edi. Yig‘ilishda qatnashgan 190 nafar deputat yoqlab ovoz berdi. Parlament spikeri Vu Von-Sik harbiy holatni bekor deb e’lon qildi. «Harbiy holat endi kuchga kirmaydi. Fuqarolar xotirjam bo‘lishlari mumkin», dedi u.
3 dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Seok Yol «favqulodda holat» joriy etilishini e’lon qildi. U o‘z qarorini parlamentdagi ko‘pchilikni nazorat qilayotgan muxolifat ijro hokimiyati ishini falaj qilib qo‘yayotgani, uning vakillariga, jumladan hukumatdagi asosiy shaxslarga impichment e’lon qilishga urinayotgani bilan izohladi. Prezident bunday choralarni «Shimoliy Koreyaparast unsurlar»ga qarshi kurashish va konstitusiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida amalga oshirayotganini aytdi. U, shuningdek, muxolifatning budjet taklifini qabul qilishdan bosh tortganini tilga oldi.