Bugun 20 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Halollik va poklik ustuvorligi — jamiyatda ijtimoiy tenglikni ta’minlaydi

A A A
Halollik va poklik ustuvorligi — jamiyatda ijtimoiy tenglikni ta’minlaydi

Inson avvalo o‘zining ma’naviyati bilan boshqa mavjudotlardan ajralib turadi. Ma’naviyat taqdirning ehsoni emasligi haqida ko‘p yozilgan. Odam o‘z-o‘zidan ma’naviyatli bo‘lib qolmaydi. Gap uning mohiyatini chuqur anglashdadir. Ma’naviyatli inson yaxshi yashash uchun halol mehnat qilish kerak deb hisoblaydi. Yuksak ma’naviy fazilatlar insonga hayotida barqarorlik, mazmun bag‘ishlaydi. Bunday fazilatlar ichida, ayniqsa, halollik va poklik inson hayotida, kamolotida nihoyatda katta ahamiyatga ega. Aynan ana shu xislatlar uni boylik orttirish yo‘lida insofsizlik qilishdan tiyadi, moddiy qiyinchilik kunlarida irodasini mustahkamlaydi.

Qayerdaki halollik va poklik ustuvor bo‘lsa, o‘sha joyga qut-baraka yog‘iladi, kutilgan natijalar ham osonlik bilan qo‘lga kiritilaveradi. Buning aksi o‘laroq, harom-xarish aralashgan joydan baraka ko‘tariladi. Ba’zan bir nech­ta nopok xodim tufayli butun tizim yomonotliqqa chiqadi. Afsuski, odamzodning tabiatida falokatga sudrovchi nafs atalmish illat mavjud. Aynan nafs, mol-dunyo ishtiyoqi insonni tamagirlikka undaydi.

“Korrupsiya” termini lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, uning etimologik ma’nosi “buzish, sotib olish” - degan ma’noni bildiradi. Ya’ni korrupsiya – siyosat va davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa, davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan yoki ularga tenglashtirilgan shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishidir.

Qonun nuqtai nazaridan qaraganda, korrupsiya – mansabdor shaxsning o‘z mavqei va vakolatlaridan, unga ishonib topshirilgan huquqlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi, shu maqsadda axloq va odob hamda jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarni buzgan holda, jinoiy harakatlarni amalga oshirishidir.

Dunyoda korrupsiya xavfi va tahdid­lariga qarshi bir qator normativ– huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ular asosida xalqaro standartlar shakllantirilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro standartlar o‘ziga xos mexanizm rolini bajarib kelmoqda. Endi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha asosiy qonun hujjatlariga to‘xtalib o‘tsak. Bular quyidagilardan iborat:

  1. Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloqiy kodeksi
    (BMT Bosh Assambleyasining 51-sessiyasi 82-yalpi yig‘ilishi. Nyu-York, 1996 yil 12 dekabr).
  2. Korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlik (Strasburg, 1999 yil
    27 yanvar).
  3. Korrupsiya bo‘yicha fuqaroviy-huquqiy javobgarlik konvensiya­si (Strasburg, 1999 yil 4 noyabr).
  4. Korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlik konvensiyasiga qo‘shimcha protokol (Strasburg, 2003 yil
    15 may).
  5. Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan) va boshqalar.

Shuningdek, jahon hamjamiyati BMT Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab 9 dekabr xalqaro Korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Jahon bo‘ylab BMT a’zolari bo‘lgan, korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasini tan olgan mamlakatlar shu kuni turli tadbirlar, aksiyalar uyushtiradi.

Ushbu illat shunisi bilan xavfliki, u:

  • Jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiradi;
  • Aholini, xalqni olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini yo‘q qiladi;
  • Jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlarda adolatsizlikni vujudga keltiradi;
  • Eng yomoni, aholi o‘rtasida turli xil noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida xam shu kabi jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan bir qator moddalar mavjud bo‘lib, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etuvchi shaxslar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni ko‘proq sodir etishadi:

  • Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (JK 205-m.);
  • Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (JK 206-m.);
  • Mansabga sovuqqonlik bilan qarash (JK 207-m.);
  • Hokimiyat harakatsizligi (JK 208-m.);
  • Mansab soxtakorligi (JK 209-m.);
  • Pora olish (JK 210-m.);
  • Aybsiz kishini javobgarlikka tortish (JK 230-m.);
  • Adolatsiz hukm, hal qiluvchi qarori, ajrim va qaror chiqarish (231-m.);
  • Band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish (233-m);
  • Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish (JK 241-m.);
  • Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish (JK 2411-m.);

Bundan tashqari, mamlakatimizda korrupsiyani yengish, halol ishlashini ta’minlash, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, xalqqa va tadbirkorlarga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi, jumladan: 2017 yil 3 yanvar kunidagi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni xam bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Faqat bu jarayonda yurtdoshlarimizdan mas’uliyat talab etiladi.

 

Ilyosbek Usmonov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi raisi

 

Baxtiyor Obidov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi sudyasi

 

 

Kiritildi: 10:17 28.12.2019. O'qildi: 10217 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!