Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Go‘sht narxi nega oshdi – rossiyalik mutaxassislar javobi

Go‘sht narxi nega oshdi – rossiyalik mutaxassislar javobi

Shu kunlarda O‘zbekistonda mol go‘shti narxi oshishi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga chorvachilik sohasidagi muammolar ham birin ketin aytib o‘tilmoqda.

Ushbu munosabat bilan Sputnik muxbirlari Rossiya “Mol go‘shti ishlab chiqaruvchilari milliy ittifoqi” direktori Kostyuk Roman Vladimirovichga murojaat qildi. Ushbu Ittifoq vakillari yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib vaziyat bilan yaqindan tanishib qaytishgan ekan.

Bu muammolar kecha paydo bo‘lgani yo‘q

Mol go‘shti narxi oshishi muammosi negiziga nazar soladigan bo‘lsak, uning bir necha sabablari bor va ular kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Ana shunday omillar deb, xususan, quyidagilarni aytish mumkin:

  • Chorvachilik aksariyat holda an’anaviy (eskirgan) uslubda olib borilayotgani
  • Chorvachilik infratuzilmasi yo‘q yoki juda sust rivojlangani
  • Yangi infratuzilma qurish uchun resurslar yetishmasligi
  • Em-xashak tayyorlash uchun mo‘ljallangan yerlar yetishmasligi
  • Sohada yetarli darajada tayyorlangan mutaxassislar yetishmasligi
  • Sohada hukumat qo‘llab-quvvatlashi haqida axborot taqchilligi  

Ushbu muammolar orasida eng asosiysi – bu Respublikada professional semirtirib boqish majmualari yo‘qligi. Bugungi kunda aynan shunday majmualar sifatli mahsulot ishlab chiqarish hamda butun sohani olg‘a yetaklashi mumkin, - deydi mutaxassis.

Eng katta muammo – zamonaviy professional chorvachilik majmualari yo‘qligi

Afsuski, bugungi kunda O‘zbekistonda ommaviy tartibda yetishtirilayotgan chorva mollari yuqori sifatli va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulot yetishtirish imkonini bermaydi, ayniqsa bir moldan olinayotgan suyakka nisbatan go‘sht miqdori ko‘rsatgichi bo‘yicha.

Masalan, O‘zbekistonda semirtirib boqilgan molning o‘rtacha vazni 400 kilogramni tashkil qilsa, AQShda ushbu ko‘rsatgich 580 kilogramga  teng.

Shuning uchun O‘zbekistonda chorva genetikasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham amalga oshirish kerak. Bu borada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarida zotdor mollarni olib ularni mahalliy sharoitga moslashtirish yo‘llarini topish kerak.

Shuningdek, go‘sht yetishtirish sohasida boshidan oxirigacha mutlaq shaffof bo‘lgan veterinariya nazorati xizmatini yo‘lga qo‘yish kerak. Xorijdan sotib olinayotgan nasldor chorva barcha veterinar va sanitariya nazoratlardan o‘tishi kerak.

O‘zbekiston chorvachiligining eng asosiy masalalaridan biri bu – yirik chorva naslini yaxshilash, so‘yish oldidan semirtirib boqish texnologiyasini yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiyaga asoslangan holda so‘yish va olingan mahsulotdan  samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yishdir, - deydi mutaxassis.

Mustaqillik yillarida chorvachilik rivojlanmadi

Sobiq Ittifoq davrida O‘zbekistonda chorva mollari soni nisbatan ko‘p bo‘lgan, lekin mustaqillikka erishganidan so‘ng, O‘zbekiston xalqaro va MDH bozorida o‘zining ushbu ustuvorligidan samarali foydalana olmadi, yetakchi go‘sht yetishtirib beruvchi mamlakatga aylanmadi.

Bunday bo‘lishiga sabab: sifatli semirtirilgan mollar yo‘qligi, chorvachilik sohasining qoloqligi va zamonaviy mol so‘yish va go‘shtni qayta ishlash korxonalarining yo‘qligi sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Hukumati chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator chora tadbirlar qabul qilgan. Xususan, chorvachilikdan qo‘shimcha doromad manbai sifatida  foydalanish uchun.

O‘zbekistonda so‘yilgan go‘shtini eksport qilib bo‘lmaydi

Xalqaro bozorga chiqmagani tufayli O‘zbekiston go‘sht yetishtiruvchilari katta daromad yo‘qotmoqda. Shu bilan birga mavjud an’anaviy mol yetishtirish va mol so‘yish infratuzilmasi, zamonaviy talablarga javob bermasligi tufayli, O‘zbekistonda so‘yilgan mol go‘shtini xalqaro bozorga olib chiqishning ham iloji yo‘q.

Birinchidan, nasldorlik va semirtirish muammolari tufayli, aksariyat hollarda, mahalliy chorvaning go‘shti oriq va yog‘siz, suyakka nisbatan go‘sht miqdori - 48 %dan oshmaydi.

Ikkinchidan, ushbu mollar an’anaviy uslubda so‘yilayotgani tufayli, olinayotgan teri sifati ham har xil, notekish shilingan, kesilgan va teshilgan terilar juda ko‘p uchraydi. Terilarga birinchi ishlov berish ham qadimiy uslubda olib boriladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yirik qoramol yetishtirish sohasi rivojlanmagan. Chorva sonini va sifatini nazorat qilish, veterinariya nazorati, so‘yish va go‘shtini savdoga chiqarish jarayonlarida - tashkillashtirish darajasi juda sust deyish mumkin.

Sohaning bunday ahvoli – chorvachilikni samarali rivojlantirish, mollar nasldorligini yaxshilash va “buzoqchadan savdo rastasigacha” veterinariya nazoratini yo‘lga qo‘yish va hattoki qisqa muddatga bo‘lsa ham rejalashtirish imkonini bermaydi.

Aynan mana shu muammolar to‘plami bugungi kunda O‘zbekistonda sifatli mol go‘shti kamayishi va uning narxi oshishiga olib keldi.

Vertikal ishlab chiqarish tizimini yaratish kerak

Lekin sohaga to‘g‘ri yondoshilsa, zamonaviy mol yetishtirish, semirtirish, so‘yish va qayta ishlash texnologiyalari foydalanilsa, nisbatan qisqa vaqt 5-8 yil mavjud chorvachilik tizimini yaxshilash va shu bilan birga yangi va yuqori daromadli chorvachilik tizimini yaratish mumkin. Yangi tizim orqali mol go‘shti narxini nisbatan tushirish bilan birga chorvachilikdan yuqori daromad olish mumkin bo‘ladi.

Bu borada O‘zbekistonning asosiy vazifasi - o‘z vertikal ishlab chiqarish tizimini yaratishdir. Ushbu tizim chorvachilik uchun muhim bo‘lgan  barcha jabhalarni qamrab olgan bo‘lishi kerak: yem yetishtirish sohasidan boshlab tayyor mahsulotni tashishga mo‘jallangan yuk avtomobillarigacha.

Ushbu yo‘lda O‘zbekiston uchun eng katta muammolardan biri, bu – kadrlar yetishmasligi bo‘lishi mumkin. Buning uchun mahalliy yoshlarni ushbu sohada yetakchi bo‘lgan davlatlar mutaxassislari yordamida tayyorlash kerak bo‘ladi. Kelajakda chorvachilik texnikumlari tashkil qilish mumkin.

Hukumatning mamlakat iqtisodiy rivojlanishi tomonga qartilgan qadamlari, albatta qishloq xo‘jaligini ham uzoq muddatli mo‘’tadil rivojlanishiga va uning asosini saqlab qolishga olib kelishi kerak.

Ushbu nuqtai nazardan, kelajakda chorvachilik sohasi ham rivojlanib mol go‘shti narxlari normal  darajaga tushishini ham kutsa bo‘ladi.

 

Kiritildi: 17:58 12.09.2019. O'qildi: 4818 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!