Bugun 5 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Gruziyada Yevropadan uzoqlashishga qarshi namoyishlar davom etmoqda

Gruziyada Yevropadan uzoqlashishga qarshi namoyishlar davom etmoqda

Noyabr oyi oxirida Gruziyaning rossiyaparast bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqi bilan mamlakatning Yevropa integrasiyasi bo‘yicha muzokaralar 2028 yilgacha qoldirilganini e’lon qilganidan keyin norozilik namoyishlar kuchaydi.

Tbilisida polisiya Gruziyaning Yevropa integrasiyasi to‘xtatilishiga qarshi norozilik bildirgan fuqarolarga qarshi suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda. Xavfsizlik kuchlari parlament binosi yaqinidagi Rustaveli prospektida namoyishchilarni hibsga olishni boshladi.

Paper Kartuli xabariga ko‘ra, maxsus kuchlar 2 dekabr kuni kechqurun mitingni tarqatishga kirishgan; xavfsizlik kuchlari odamlarni olomondan tortib olmoqda. Namoyishchilarning asosiy qismi Respublika maydoniga yaqinlashgan. Polisiya va maxsus kuchlarning harakatlariga javoban namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomon pirotexnika vositalarini otishgan.

Newsgeorgia xabariga ko‘ra, maxsus kuchlar bilan to‘qnashuv chog‘ida bir necha kishi yaralangan. Xavfsizlik kuchlari parlamentga olib boruvchi parallel ko‘chalarni ham to‘sib qo‘ygan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlarining dastlabki uch kunida polisiya jami 224 kishini hibsga olganini ma’lum qildi. Ularni mayda bezorilikda va polisiyaga qarshilik ko‘rsatishda ayblashmoqda.

Shuningdek, harakatlar davomida IIVning 113 nafar xodimi jarohatlangan, ulardan 4 nafari tibbiyot muassasalarida davolanmoqda.

“Ichki ishlar vazirligining chaqirig‘iga qaramay, Rustaveli prospektida davom etayotgan aksiya tinch yig‘ilish doirasidan chiqib ketdi, shuning uchun IIV parlament atrofini bo‘shatish uchun guruhdagi zo‘ravonlik harakati ishtirokchilariga nisbatan qonunda nazarda tutilgan maxsus choralarni qo‘llamoqda”, — deyiladi departament matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Gruziya parlamentini noqonuniy deb e’lon qilgan va prezidentlik mandatini iste’foga chiqarishdan bosh tortgan Salome Zurabishvili maktablarni hukumatga qarshi namoyishlarga qo‘shilishga chaqirdi. "Universitetlardan so‘ng Gruziya bo‘ylab norozilik namoyishlari bilan birdamlik bildirish navbati maktablarga keldi", deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Gruziyada ommaviy norozilik namoyishlari aslida oktyabr oyi oxirida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin boshlangan. Ovozlarni sanashda firibgarlikka yo‘l qo‘yilgani haqidagi gumonlar aholining bir qismida norozilikarga sabab bo‘ldi. Noyabr oxirida bosh vazir Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqi bilan mamlakatning Yevropa integrasiyasi bo‘yicha muzokaralar 2028 yilgacha qoldirilganini e’lon qilganidan keyin esa norozilik kuchaydi. Mitinglar to‘lqini Tbilisi, Batumi, Kutaisi va boshqa shaharlarni qamrab oldi. Namoyishlar chog‘ida qattiq choralar qo‘llagan polisiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi.

Namoyishlar ortidan Gruziyaning xorijdagi besh elchisi iste’foga chiqdi. 135 dan ortiq diplomat rasmiylarning Yevropa integrasiyasi bo‘yicha muzokaralarni kechiktirish qarorini qoralagan bayonotni imzoladi. Tanqidlar Milliy bank, Ta’lim vazirligi, Tbilisi meriyasi va Konstitusiyaviy sud xodimlaridan ham keldi. Mamlakatdagi ba’zi universitetlar Yevropa integrasiyasini rad etishdan norozilik sifatida ish tashlash e’lon qildi va darslarni to‘xtatdi.

Litva, Latviya va Estoniya Gruziya rasmiylariga, jumladan, milliarder va sobiq bosh vazir Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Estoniya Tashqi ishlar vazirligi cheklovlar “o‘zini o‘zi e’lon qilgan Gruziya hukumati rahbariyatiga” qaratilganini hamda Yevropa Ittifoqi va AQSh uchun namuna bo‘lishi kerakligini aytdi.

Gruziya 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgandi. Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq integrasiyalashuvi zarurligi mamlakat konstitusiyasida ham qayd etilgan.

Kiritildi: 23:24 03.12.2024. O'qildi: 443 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!