Bugun 18 aprel, 2025 yil, juma

КИР

Grenlandiya Bosh vaziri: AQSh bizni qabul qilmaydi

 Grenlandiya Bosh vaziri: AQSh bizni qabul qilmaydi

Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen, Donald Trampning bayonotlariga qaramay, Qo‘shma Shtatlar orol ustidan nazoratni qo‘lga kirita olmasligini aytdi.

“Prezident Tramp Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani oladi, deydi. Ochig‘ini aytsam, Qo‘shma Shtatlar buni qabul qilmaydi, biz boshqa hech kimga tegishli emasmiz, - deb yozdi Nilsen Facebook'da.

Avvalroq, Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida: "Biz Grenlandiyani olamiz. Ha, 100%" dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harbiy kuch ishlatmasdan ham sodir bo‘lishi mumkin.

Yens-Frederik Nilsen juma kuni uning Demokratik partiyasi mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonganidan keyin bosh vazir bo‘ldi. Partiya iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash orqali Grenlandiyaning Daniyadan mustaqil bo‘lishini himoya qiladi.

Birinchi matbuot anjumanida Nilmsen tashqi bosimga qarshi siyosiy birlikka chaqirdi. Uning inaugurasiyasi AQSh vise-prezidenti J.D.Vensning tashrifidan bir necha soat oldin bo‘lib o‘tdi.

Sayohat davomida Vens Pituffikdagi AQSh harbiy bazasiga tashrif buyurdi va Daniyani Grenlandiya aholisi va mintaqa xavfsizligi arxitekturasiga sarmoya kiritmayotganlikda aybladi.

Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Loyekke Rasmussen Daniya tanqidga ochiq, ammo Vashingtonning ohangini yoqtirmasligini aytdi.

“Yaqin ittifoqchilar bilan bunday gaplashish mumkin emas va men haligacha Daniya va AQShni yaqin ittifoqchilar deb bilaman”, dedi u.

Rasmussen, shuningdek, 1945 yildan beri Amerikaning oroldagi mavjudligi 17 ta bazadan bittaga - 200 askarga ega Pituffik bazasiga qisqartirilganini eslatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1951 yilgi kelishuv AQSh istasa, o‘z harbiy ishtirokini kengaytirish imkonini beradi, ammo bu masalani muhokama qilish kerak.

Yanvar oyida Kopengagen Arktika xavfsizligini mustahkamlash uchun 1,9 milliard yevro mablag‘ ajratilishini e’lon qildi. Byudjetga yangi harbiy kemalar, dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar kiradi.

Grenlandiya Daniya tarkibidagi avtonom viloyatdir. Kopengagen tashqi siyosat, mudofaa va valyutani nazorat qiladi. Ichki ishlar, jumladan polisiya, ta’lim va resurslarni boshqarish Grenlandiya hukumati zimmasida.

Kiritildi: 23:19 31.03.2025. O'qildi: 705 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!