Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Gonduras Ukrainadan dronlar sotib olmoqchi

Gonduras Ukrainadan dronlar sotib olmoqchi

O‘tgan hafta Kiyevga tashrif buyurgan Gonduras prezidenti Nasri Asfura mamlakati Ukrainadan dronlar sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

"Biz chegaralarimizni himoya qilish, ularni samarali qo‘riqlash hamda yuqori texnologiyali asbob-uskunalar yordamida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun dronlar haqida gaplashyapmiz", — dedi Nasri AFP agentligiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Gonduras ukrain dronlaridan qishloq xo‘jaligida ham foydalanishi mumkin, biroq bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tmadi.

Yil boshida hokimiyatga kelgan Nasri Asfura Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor bildirgan va o‘tgan juma kuni Kiyevga tashrif buyurgan edi. U bilan uchrashgan Zelenskiy Gondurasga Ukraina tajribasidan foydalanishni taklif qildi.

Kiyev dronlardan harbiy harakatlarda keng foydalanadi, biroq Gondurasning eng o‘tkir muammosi boshqacha — zo‘ravonlik jinoyatchiligi.

Ma’lumot uchun, mamlakatda har 100 000 aholiga 24 ta qotillik to‘g‘ri keladi, bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan to‘rt baravar yuqori. Bunga narkotrafikning avj olishi, ko‘cha to‘dalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi korrupsiya sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, Nasri Asfura Donald Trampning qo‘lloviga ega va u 2024 yilda AQShga ekstradisiya qilingan hamda 400 tonnadan ortiq kokain kontrabandasi uchun sudlangan, ammo bir yil o‘tib Tramp tomonidan afv etilgan Gondurasning sobiq prezidenti Xuan Orlando Ernandesning siyosiy ittifoqchisi hisoblanadi.

Kiritildi: 15:01 23.06.2026. O'qildi: 1520 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik