O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari gig iqtisodiyotning tadbirkorlik faolligiga ta’sirini o‘rgandi.
Gig iqtisodiyot frilanserlik va qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanuvchilarning mehnat faoliyatini tavsiflaydi va "sharing economy”, “access economy”, “platform economy”, “on-demand economy” kabi muqobil nomlar bilan ham yuritiladi. “Gig” atamasi ilk bor XX asr boshida jaz musiqasida paydo bo‘lgan va qisqa chiqishlar uchun kelishuvlar “gig” (bir martalik chiqish, “birrov”) atamasi bilan yuritilgan.
Gig iqtisodiyot ishtirokchilari:
Platforma kompaniyalar – xaridorlar va sotuvchilar, ish izlovchilar va ish beruvchilarni o‘zaro bog‘laydigan raqamli platformalar;
Gig ishchilar – platformalardagi mehnat faoliyati orqali daromad oladigan shaxslar;
Iste’molchilar – platformadan buyurtma berish orqali xizmat yoki tovarga bo‘lgan shaxsiy ehtiyojini qondiruvchi shaxslar.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 545 ta gig platforma orqali 154 million nafardan 435 million nafargacha gig ishchilar (global mehnat resurslarining 4,4 foizidan 12,5 foizigacha) iste’molchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Doimiy bandlikdan farqi:
✔️Mustaqil ishchi sifatida o‘z ish jadvalini mustaqil belgilaydi;
✔️Ish haqi ish joyida sarflagan vaqti bo‘yicha emas, bajarilgan ish ko‘lami bo‘yicha to‘lanadi;
✔️Ijtimoiy himoya va mehnat ta’tili kabi imtiyozlar tizimi mavjud emas;
✔️Ish beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunmaydi, buyurtmaning o‘z vaqtida va sifatli topshirilishiga mas’ul bo‘ladi.
Iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri:
- Barrios, Hochberg va Yi tomonidan olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, AQShda 2000-2016 yillarda gig iqtisodiyotning rivojlanishi ro‘yxatga olingan yangi tadbirkorlik sub’ektlari sonini o‘rtacha 3-5 foizga oshirgan;
- AQShda Uber haydovchilariga to‘lov miqdori an’anaviy taksi haydovchilariga qaraganda vaqt birligi uchun 30 foiz, masofa birligi uchun 50 foizgacha yuqori ;
- Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tadqiqotlarida gig platformalarning paydo bo‘lishi va o‘zini o‘zi band qilishga nisbatan yumshoq soliq siyosati tufayli ishchilar hamda kichik biznes egalarida doimiy bandlikdan ko‘ra o‘zini o‘zi band qilishga qiziqish ko‘proq ortishi aniqlangan.
O‘zbekistonda gig iqtisodiyot. Yo‘lovchi tashish va yetkazib berishda Yandex, Uzum, Uklon, Express24, MyTaxi kabi, IT va frilansing sohasida Upwork, TopTal va Guru kabi, ish izlash uchun mo‘ljallangan HeadHunter va OLX kabi gig platformalar faoliyat yuritmoqda:
Yandex Go xizmati O‘zbekistonning 15 ta shahrida ishga tushirilgan;
Uzum tezkor mamlakatning 8 ta shahrida yo‘lga qo‘yilgan va 1600 dan oshiq restoran, kafe va do‘konlar tizimga ulangan;
HeadHunter platformasida 2023-yilda masofaviy ishchilarning o‘rtacha ish haqi (6 mln. so‘m) O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi (4,55 mln. so‘m) dan yuqori bo‘lgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 2024-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 3,9 mln. nafardan ortiqni tashkil qilib, yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 590,1 ming nafardan oshdi.
Tadqiqot va natijalar. 2021-2023 yillardagi ma’lumotlar asosida O‘zbekistonda gig iqtisodiyotning tadbirkorlikka ta’siri ekonometrik model yordamida baholandi:
- har bir yangi gig platforma o‘zini o‘zi band qiluvchilar sonining 42,1 ming nafarga;
- har 100 kishiga to‘g‘ri keluvchi mobil internet foydalanuvchilari sonining 1 birlikka o‘sishi o‘zini o‘zi band qiluvchilarning 2 767 nafarga;
- urbanizasiya darajasining 1 foizga o‘sishhi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining 151 birlikka oshishi bilan mutanosib.
Asosiy xulosalar:
➖ Innovasion rivojlanish. Raqamli texnologiyalar va innovasiyalar orqali mehnat bozorida inklyuziv imkoniyatlar yaratadi;
➖ Tadbirkorlik muhiti. Potensial tadbirkorlar uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘taydi;
➖ Urbanizasiya. Gig iqtisodiyot urbanizasiya jarayonlarini jadallashtirib, shaharlarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.