Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan GHF tashkiloti G‘azodagi yordam tarqatish nuqtalarini ikkinchi kun ham ochmasligini e’lon qildi. Bu qaror fojeali hujumlardan so‘ng qabul qilindi.
4 iyun kuni G‘azo sektoridagi bir necha GHF (Gaza Humanitarian Foundation) yordam tarqatish nuqtalari vaqtincha yopildi. Tashkilot bu chorani «texnik xizmat ko‘rsatish ishlari» bilan izohladi. Biroq yopish qarorining asosiy sababi – tarqatish nuqtalari yaqinida qayd etilgan qonli hodisalar ekani taxmin qilinmoqda.
Isroil armiyasi so‘nggi to‘rt kunda GHF nuqtalari atrofida yordam olish uchun to‘plangan falastinliklarga bir necha bor o‘t ochdi. So‘nggi hujum 4 iyun kuni Rafah shahrida ro‘y berdi, unda 27 kishi halok bo‘lib, 90 dan ortiq inson yaralandi. Bir kun avvalgi hujumda esa kamida 31 kishi halok bo‘lgan.
GHF o‘z bayonotida tarqatish punktlari faqat ta’mirlash ishlari tugagach ochilishini bildirgan. Tashkilot ayni paytda yordam so‘rovchilarni Isroil armiyasi belgilagan yo‘nalishlarga amal qilishga chaqiradi.
Isroil armiyasi ayblovlarni rad etib, faqat «belgilangan yo‘llardan chiqib ketgan» shaxslarga nisbatan ogohlantiruvchi o‘q uzilganini bildirgan. Boshqa holatlarda, ularning ta’kidlashicha, askarlar faqat o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida harakat qilgan.
Xalqaro Qizil Xoch jamg‘armasi (ICRC) 179 nafar jarohatlangan fuqaroni qabul qilganini va ulardan 21 nafari shifoxonaga yetib kelgandayoq vafot etganini ma’lum qildi. Ko‘pchilik qurbonlar ayol va bolalar bo‘lgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish halok bo‘lganlar ishi bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazishni talab qildi. Buyuk Britaniya ham bu hodisalarni «juda xavotirli» deb baholab, izchil va mustaqil surishtiruv o‘tkazilishi lozimligini bildirdi.
Shu bilan birga, G‘azoga nisbatan keng qamrovli hujumlar davom etmoqda. 5 iyun kunining o‘zida hudud bo‘ylab 48 kishi halok bo‘ldi.
2023 yil oktabrdan beri, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan falastinliklar soni 54 418 nafarga, jarohatlanganlar esa 124 190 nafarga yetdi.