AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniyadan qisqartirilayotgan amerikalik harbiylarning bir qismi Polshaga ko‘chirilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava bunday qarorni qo‘llab-quvvatlaydi. Tramp Polsha prezidenti Karol Navroskiy bilan munosabatlari yaxshi ekanini ta’kidlab, «bu variant mumkin» ekanini bildirdi.
Avvalroq Polsha rahbari mamlakat AQSh qo‘shinlarini qabul qilish uchun zarur infratuzilmaga ega ekanini aytgan edi. Litva ham qo‘shimcha amerikalik harbiylarni joylashtirishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset bir yil ichida Germaniyadan kamida 5 ming amerikalik harbiyni olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu qaror Vashington va Berlin o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar fonida qabul qilingani aytilmoqda.
Hozirda Germaniyada 36 mingdan ortiq AQSh harbiysi joylashgan bo‘lsa, Polshada ularning soni taxminan 10 ming nafarni tashkil qiladi.
AQSh qo‘shinlarining Germaniyadan Sharqiy Yevropaga ko‘chirilishi NATO ichidagi harbiy muvozanat va Rossiyaga qarshi tiyib turish strategiyasida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.