31 may kuni Germaniyaning g‘arbiy qismida yengil motorli samolyot yashash uyiga qulab tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga dvigatelning nosozligi sabab bo‘lgan. Bu hodisa bahor boshidan beri mintaqadagi ikkinchi shunday fojia sanaladi.
Fojia tushdan keyin, Dyusseldorf shahrining g‘arbida joylashgan Korshenbrox shahri hududida sodir bo‘lgan. Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan biri samolyotni boshqargan ayol uchuvchi bo‘lgan.
Tarqalgan suratlardan ko‘rinishicha, samolyot xususiy yashash uyiga qulab tushgan va hodisa joyida yong‘in chiqqan.
“Bild” gazetasi xabariga ko‘ra, qulashdan oldin uchuvchi dispetcherlarni dvigateldagi muammo haqida ogohlantirgan va eng yaqin aerodromga favqulodda qo‘nish so‘ragan.
“Rheinische Post” gazetasining yozishicha, joriy yilning mart oyida ham aynan shu hududda shunga o‘xshash fojia yuz bergan.