O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari keng doirada rivojlanib bormoqda. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yanada mustahkamlanadi hamda parlamentlararo aloqalar rivojlantiriladi.
Bu O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Germaniya Bundestagidagi “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisining o‘rinbosari Manfred Grund boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuvda qayd etildi.
Muloqot chog‘ida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, tez rivojlanib borayotgan O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekani aytib o‘tildi.
Birinchi navbatda, barqaror o‘sib borayotgan iqtisodiy yo‘nalishda tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, yangi investisiyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha qiziqish bildirildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda parlamentlararo muloqotning muhimligidan kelib chiqib, bu borada qator rejalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ikki tomonlama aloqalarni huquqiy jihatdan ta’minlash, parlament qo‘mitalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va uni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Elektron parlamentni joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib olindi.
Delegasiya a’zolari O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Mazkur jarayonda Germaniya faol ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.
Mehnat munosabatlari, gender tenglikni ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy-gumanitar sohalarda ham hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari munosabatlarining yangi yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida hamkorlikka oid tegishli hujjatlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.