Germaniya hukumati Suriyaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir nechta loyihalarda ishtirok etadi. Ushbu maqsadlar uchun jami 60 million yevro ajratiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bu mablag‘ bevosita Suriya hukumatiga yo‘naltirilmaydi. Shulsening aytishicha, Bashar Asad rejimi qulashidan so‘ng Suriyadagi gumanitar vaziyat “fojiali” ahvolga keldi. Mamlakat aholisining 90 foizi qashshoqlikda yashaydi va gumanitar yordamga muhtoj. 2011 yildan beri davom etib kelayotgan fuqarolar urushi davomida mahalliy infratuzilmaning katta qismi vayron bo‘lgan.
Berlin ishtirok etadigan Suriyani tiklash loyihalari nodavlat va xalqaro tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Maktablarni ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi BMT Bolalar jamg‘armasiga (YUNISEF) 25 million yevro tushishi kerak. Bundan tashqari, mablag‘lar urushda jarohatlangan bolalarga yordamga yo‘naltiriladi. Mahalliy maktablar ishini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash uchun 6 million yevro ajratiladi.
Yana 19 million yevro BMT Taraqqiyot dasturiga (UNDP) yo‘naltiriladi, u boshqa narsalar qatorida majburiy ko‘chirilganlar uchun ishlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. BMTning Suriya ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘armasi 3 million yevro oladi, qolgan 7 million esa “aholining turli guruhlarini yarashtirish” bilan shug‘ullanuvchi mahalliy nodavlat tashkilotlarga ajratiladi.
Shulsening ta’kidlashicha, Berlin ayni paytda Suriyada hokimiyat “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HSH) islomiy guruhiga o‘tishi fonida Suriyada nima bo‘lishini oldindan aytib bera olmaydi.
“Ammo ijobiy rivojlanish imkoniyati mavjud va endi biz buni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Biz o‘z umidlarimizni aniq ifodaladik: mafkura, diskriminasiya va izolyasiyadan xoli ta’lim tizimi. Agar rivojlanish to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lsa, biz boshqa sohalarda ham ko‘proq ish qilishga tayyormiz”, dedi Germaniya vaziri.