O‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasini taqiqlash jarayonini boshlashni Germaniya Sosial demokratik partiyasi (GSDP) qurultoyining barcha a’zolari bir ovozdan ma’qulladi. Ariza Federal konstitusiyaviy sudga topshirilishi rejalashtirilgan. Biroq nemis ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, buni faqat Bundestag (parlamentning quyi palatasi), Bundesrat (parlamentning yuqori palatasi) yoki Germaniya hukumatining o‘zi amalga oshirishi mumkin.
GSDPning hukmron koalisiyadagi hamkori XDI/XSI bloki bu taklifni rad etdi. Shu sababli, sosial-demokratlar tashabbusni Bundesrat orqali, GSDP koalisiyalarda ishtirok etayotgan va sezilarli ta’sirga ega bo‘lgan federal yerlar vakillari yordamida ilgari surishga harakat qilmoqda.
Sosial-demokratlar yetakchisi Lars Klingbaylning so‘zlariga ko‘ra, hozircha GSDP Konstitusiyani himoya qilish federal idorasining AfD partiyasini “o‘ng ekstremistik tashkilot” deb tan olish to‘g‘risidagi qarorini kutmoqda. Bahor oylarida idora partiyani shunday deb tan olgan edi, ammo AfD bu qarorga shikoyat bildirgandi, shu bois sud jarayonlari hamon davom etmoqda.