Isroil G‘azo sektori ustidan nazoratni o‘z qo‘liga oladi. Bu haqda Binyamin Netanyaxu xabar berdi.
"Qattiq janglar davom etmoqda, biz oldinga siljiyapmiz. Biz butun G‘azo sektorini nazoratimizga olamiz. Ammo bunga erishish uchun hech narsa bizni to‘xtata olmasligi kerak", — dedi Binyamin Netanyaxu 19 may kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida.
Isroil xavfsizlik kengashi may oyining boshlarida jangovar harakatlar tugagach, G‘azo sektorida qo‘shinlarning qolish rejalarini muhokama qilgan edi. Biroq unda Isroil kuchlari butun sektorni yoki faqat muhim aholi punktlarini nazorat qiladimi, degan savolga aniqlik kiritilmagan edi.
Isroil mudofaa armiyasining (SAXAL) yangi keng ko‘lamli hujumi 17 may kuni boshlandi. Har kuni G‘azo sektoridagi nishonlarga zarbalar berilmoqda.
WAFA agentligining xabar berishicha, 19 mayga o‘tar kechasi Isroil Han-Yunis shahriga kuchli havo hujumi uyushtirgan. Natijada 17 kishi halok bo‘lgan. Agentlik halok bo‘lganlar HAMAS jangarilarimi yoki tinch aholi vakilimi — aniqlik kiritmagan.
19 may, dushanba kunidan boshlab Isroil hukumati yana G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishga ruxsat berdi. BMT va boshqa kuzatuvchilar avvalroq bu mintaqadagi aholiga yordam yetkazilmasa, ocharchilik yuzaga kelishi xavfi borligidan bir necha bor ogohlantirishgan edi.