AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning bayonotiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati nufuzli Garvard universitetiga xorijlik talabalarni qabul qilishni taqiqladi. U bu qarorni, jumladan, Garvardning yahudiy talabalar uchun xavfsiz muhitni ta’minlashdan “voz kechgani” va universitet olib borayotgan tenglik siyosati bilan izohladi.
Tramp ma’muriyati aprel oyida Garvard universitetiga ajratilgan federal grantlar bekor qilgan edi. Grantlarni tiklash uchun universitetdan AQSh qadriyatlari va jamiyatiga dushmanona munosabatda bo‘lgan xorijliklarni o‘qishga qabul qilmaslik tizimini ishlab chiqish talab qilingan. Shuningdek, mavjud o‘quv dasturlarni antisemitizm va boshqa nafrat uyg‘otuvchi g‘oyalarga oid unsurlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun auditdan o‘tkazish so‘ralgan edi.
Hozirda Garvardda 140 ta davlatdan qariyb 7000 nafar xorijiy talaba tahsil oladi, bu universitet talabalari umumiy sonining chorak qismidan ortig‘ini tashkil etadi.
Garvard universitet Tramp ma’muriyatining xorijliklarni o‘qishga qabul qilishga qo‘yilgan taqiqni “qonunga zid qasoskor choralar” deb atadi.
Tageschau nashrining yozishicha, Garvard Tramp ma’muriyatining yagona nishoni emas. AQSh hukumati yana 60 ta oliy ta’lim muassasasini “so‘l-liberal mafkurani targ‘ib qilish”da ayblamoqda va endilikda ularga ham shunga o‘xshash cheklovlar tatbiq etilishi mumkin.