G‘arb yetakchilari Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Vatikan 21 aprelda pontifik vafot etganini e’lon qildi; u 88 yoshda edi.
"Kecha men uni ko‘rganimdan xursand bo‘ldim, garchi u juda kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa ham. Lekin men uni COVIDning dastlabki kunlarida aytgan quyidagi va’zi uchun doimo eslayman. Bu haqiqatan ham go‘zal edi", dedi AQSh vise-prezidenti J.D.Vens ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida.
Polsha prezidenti Anjey Duda Fransiskni "zamonimiz qiyinchiliklariga javobni ko‘rgan buyuk rahmdillik elchisi" deb atadi.
"Buenos-Ayresdan Rimgacha Rim papasi Fransisk cherkovdan eng kambag‘allarga quvonch va umid olib kelishini, odamlarni bir-biri bilan va tabiat bilan birlashtirishini xohlagan. Bu umid undan keyin ham tinimsiz yashasin", - deyiladi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidagi postida.
Irlandiya va Niderlandiya bosh vazirlari, Yevropa komissiyasi va Yevroparlament rahbarlari, Germaniya kansleri ham hamdardlik bildirdi.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rim papasining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgani xabar qilingandi. Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Rim papasi Fransisk bir necha bor uchrashib, bir-biriga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lganini ta’kidladi.