Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kirgan «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan nimlar o‘zgardi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» O‘RQ-887-sonli qonuniga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etildi.
Unga ko‘ra, birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori yoki ajrimi ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest), birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ajrimi ustidan kassasiya shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest), birinchi instansiya sudining apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rib chiqilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan taftish shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkinligi belgilandi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, apellyasiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida, sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan esa apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida, kassasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) esa birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkin.
Shuningdek, ushbu muddatlar o‘tkazib yuborilgan taqdirda, shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra tegishli instansiya sudining sudyasi tomonidan, agar iltimosnoma shikoyat (protest) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkinligi belgilandi.
Bundan tashqari, qonun bilan apellyasiya, kassasiya va taftish instansiyalarining ishni ko‘rish doirasi va vakolatlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, sud ishni apellyasiya, kassasiya va taftish tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi va yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin. Shuningdek, apellyasiya, kassasiya va taftish instansiyasi sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shartligi belgilandi.
Shu bilan birga, apellyasiya va kassasiya instansiyalari ishni ko‘rish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksining 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida (bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan sud hujjatining qabul qilinmaganligi) va 3724-moddasi ikkinchi qismining 2 (ish sud tomonidan sud muhokamasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, ammo sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinmagan shaxslardan biror-biri yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa) va 4-bandlarida (sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi masalani hal qilgan bo‘lsa) nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga, taftish instansiyasi sudi esa Kodeks 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 3724-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun apellyasiya yoki kassasiya instansiyasi sudiga yuborishga haqli ekanligi belgilandi.
Ushbu Qonun bilan sud ishlarini ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berilib, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etildi. Shuningdek, ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida qayta ko‘rilishi belgilandi. Bu bilan, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlanib, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu Qonun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqlarining kafolatlarini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini yanada kengroq himoya qilishga, odil sudlovdan foydalanish darajasini yanada oshirishga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda o‘rta bo‘g‘in — viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.