O‘ta o‘ngchi “Milliy birlik” partiyasi yetakchidi Le Pen va partiyaning 20 dan ortiq boshqa vakillari Yevropa Ittifoqi mablag‘larini noto‘g‘ri ishlatishda ayblanmoqda. Ayblovga ko‘ra, siyosatchi "noqonuniy tizimni boshqargan" bo‘lib, unda Yevroparlament a’zolarining yordamchilari sifatida ishlagan va buning uchun maosh olayotgan odamlar aslida yo Le Penning o‘zi yoki uning partiyasi uchun ishlagan. Umumiy zarar deyarli 7 million yevroga baholanmoqda.
Parij prokuraturasi ushbu ish bovyicha Marin Le Penni besh yilga ozodlikdan mahrum qilishni va ushbu muddat davomida davlat lavozimlarida ishlashini taqiqlashni talab qildi. Agar sud ayblovlarga rozi bo‘lsa, 56 yoshli Le Pen 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Fransiya prezidentligi saylovida ishtirok eta olmaydi. Bundan tashqari, prokurorlar partiyani ikki million yevro jarimaga tortish kerakligini ham bildirishgan.
Prokurorlar, hatto advokatlar apellyasiya shikoyati bergan taqdirda ham, davlat lavozimida ishlashga qo‘yilgan taqiq darhol kuchga kirishini talab qildi. Le Penning o‘zi prokurorlarni "fransuzlarni o‘zlari xohlagan kishiga ovoz berish imkoniyatidan mahrum qilish"da aybladi.
"Men hech qanday qoidabuzarlik yoki noqonuniy xatti-harakatga yo‘l qo‘yganimni mutlaqo his qilmayman", — deya mumosabat bildirdi Le Pen.