Fransiyaning shimolida shaharlararo poyezdning relsdan chiqib ketishi oqibatida qirq to‘rt kishi jarohat oldi.
Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.
"11 sentyabr, juma kuni soat 19:30 atrofida Ruan va Kan o‘rtasida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi Kleon va Turvil-la-River kommunalari yaqinida qisman relsdan chiqib ketdi. Bortda taxminan 200 yo‘lovchi bo‘lgan. Sena-Maritime prefekti departament operasiyalar markazini chaqirdi va ko‘p sonli jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish rejasi amalga oshirilganini e’lon qildi", deyiladi prefektura bayonotida.
Departament prefektining so‘zlariga ko‘ra, hodisada 44 kishi jarohat olgan, jarohatlanganlardan birining ahvoli og‘ir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezd bir narsaga urilib, vagonlardan biri ag‘darilib ketgan va yana to‘rttasi relsdan chiqib ketgan.
Ruandagi tegishli departament hodisaning holatlarini aniqlamoqda.