Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Abu-Dabidagi harbiy bazada fransiyalik harbiylar bilan uchrashuvda e’lon qildi.
"Bosqinchilar zamonida bizdan qo‘rqishlari uchun kuchli bo‘lishimiz zarur. Men Fransiyani yangi aviatashuvchi bilan ta’minlashga qaror qildim", —dedi Makron.
Yangi kemaning suv sig‘imi qariyb 80 ming tonnani tashkil etadi. Bu Fransiyaning hozirgi yagona atom aviatashuvchisi – “Sharl de Goll”dan deyarli ikki baravar yirik degani. Kutilishicha, yangi aviatashuvchiga 30 tagacha samolyot va 2 ming nafargacha ekipaj a’zosi joylashtirilishi mumkin.
Fransiya mudofaa vaziri Katrin Votrenning ma’lum qilishicha, yangi aviatashuvchini 2038 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Fransiya – Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy davlat bo‘lib, aviatashuvchilarga ega bo‘lgan kam sonli Yevropa mamlakatlaridan biridir (Buyuk Britaniya, Italiya va Ispaniya bilan bir qatorda). Fransiyaning yillik mudofaa xarajatlari 2030 yil oxiriga qadar ikki baravar oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda mamlakatning harbiy byudjeti qariyb 50 milliard yevroni tashkil etadi.