Farg‘ona viloyatida yashovchi (ayol) R.M. IIOga murojaat qilib, o‘zining nomiga noma’lum sabablarga ko‘ra 6,5 mln. so‘m pullari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi muqaddam sudlangan M.E. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, M.E., jabrlanuvchi R.M. bilan telegram orqali tanishib, unga o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, unga foizsiz kredit olib berishini aytib, soxta havola yordamida uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va 6,5 mln. so‘m pullarini o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan M.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.