Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

FIFA prezidenti uzr so‘radi

FIFA prezidenti uzr so‘radi

FIFA prezidenti Jahon chempionatini investorlar uchun ochish taklifi uchun uzr so‘radi.

FIFA prezidenti Janni Infantino futbol bo‘yicha Jahon chempionatini xususiy investorlar uchun ochish taklifi sabab yuzaga kelgan tanqidlardan so‘ng uzr so‘radi. Ushbu tashabbus futbol jamoatchiligi va bir qator konfederasiyalar, jumladan, UYEFAning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.

15 oktyabr kuni Shveysariyaning Syurix shahrida bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishida Infantino FIFA Forward Enterprise loyihasini muhokama qilish va tushuntirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi.

«Avvalo, muloqot va maslahatlashuvlar jarayonida yo‘l qo‘yilgan, muayyan oqibatlarga olib kelgan xatolar uchun uzr so‘rayman. Biroq bu yakuniy qaror emas, balki faqat taklif bo‘lganini unutmaslik kerak», — dedi u.

Infantinoning ta’kidlashicha, tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad FIFAning a’zo milliy federasiyalarga ko‘proq mablag‘ ajratish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘lgan.

Biroq Angliya futbol assosiasiyasi prezidenti Debbi Xyuitt yig‘ilishda ko‘plab muhim savollar javobsiz qolganini ta’kidladi.

«Menimcha, u bu savollarga javob berishi kerak. Agar hozir javob bermasa, u FIFA prezidenti lavozimini egallashga munosib emas», — dedi Xyuitt.

Infantinoning iyul oyida ilgari surilgan taklifi UYEFA, bir qator futbol ligalari va soha vakillari tomonidan tanqid qilingan. Ayrimlari FIFA rahbariyatini iste’foga chiqishga ham chaqirgan.

Kiritildi: 08:28 16.10.2026. O'qildi: 1095 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik