Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘ona viloyati Rishton tumanida qoramollar noma’lum kasallikdan qirilib ketmoqda” mazmunida turli xil xabarlar tarqalgan edi. Holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Rishton tumani “Mevazor” mahalla fuqarolari yig‘inida shu yilning noyabr oyida qoramolning tana harorati ko‘tarilishi, terida toshma paydo bo‘lishi va oqsoqlanish kabi klinik belgilar bilan murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilganida qoramollar noto‘g‘ri oziqlantirilishi, molxonalarning zooveterinariya me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligi, shuningdek mollarning bir-biriga shikast yetkazganligi aniqlangan.
Mutaxassislar tomonidan o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar amalga oshirilgan.
Lekin bir holatda hayvon egasining juda kech murojaat qilganligi, boz ustiga tayinlangan veterinariya muolajalarini o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli bir bosh mol nobud bo‘lgan.
O‘rganishlar davomida mahalladagi mavjud 2000 boshga yaqin qoramol turli kasalliklarga o‘z vaqtida emlanganligi, hech qanday yuqumli kasalliklar xavfi yo‘qligi, nafaqat Rishton tumani, balki Farg‘ona viloyati hududida epizootik vaziyat barqaror ekanligi aniqlandi.