Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Farg‘ona hokimi va sovuqda yupun kiyingan qiz: asl haqiqat qanday?

Farg‘ona hokimi va sovuqda yupun kiyingan qiz: asl haqiqat qanday?

Avvalroq, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev boshchiligida viloyatning barcha tashkilot rahbarlari Qirg‘iziston hududidagi anklav hudud – Cho‘ng‘ara qishlog‘iga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Atigi 240 xonadon bor va 1400 nafar fuqaro yashaydigan Cho‘ng‘ara qishlog‘ida uyushtirilgan kutib olish marosimida o‘quvchi qiz milliy atlas matosidan tikilgan, yupqa ko‘ylak kiyganini ko‘rish mumkin. Marosimiga kelgan amaldorlar – viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning o‘zi va uning yordamchilari esa ob-havoga mos, issiq kurtkalar kiyib kelishgan edi.

Farg‘ona viloyati xokimligi axborot xizmati ushbu masala yuzasidan bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston Prezidentining doimiy e’tiborida bo‘lgan Cho‘ng‘ara qishloq aholisiga shu haftada har bir oilaga bir qopdan un, yog‘, shakar bepul berildi. 18 yanvar kuni esa viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi barcha mas’ul shaxslar bilan borgan va:

  • — 320 mln so‘mlik dori darmon olib borilib, barcha ayollar, bolalar, bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu ish bugun ham davom etmoqda;
  • — Fidoiy va faxriy insonlarga “Kosonsoy”, “Tovoqsoy” va “Qiziltepa” sihatgohlariga bepul yo‘llanmalar berildi;
  • — Qishloqdagi 259 o‘quvchisi bo‘lgan maktabga 50 ta kompyuter (stoli bilan), sport anjomlari (tennis stoli, to‘plar, boks jihozlari) 2 ta televizor, 2 mingta kitob, 30 ta musiqa asboblari sovg‘a qilindi.
  • — Faxriy oqsoqollarga 50 ta velosiped tarqatildi.
  • — Yoshlarning tadbirkorligi uchun berilayotgan kreditga viloyat hokimining o‘zi bank oldida kafolat xati yozib berdi;
  • — Chetdan qatnab ishlaydigan o‘qituvchilar uchun ikki qavatli uch xonali 15 ta xonadonli uy qurib berish haqida qaror qabul qilindi va yer ajratildi;
  • — 50 o‘rinli ilk bolalar bog‘chasi ochildi va yana 80 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishiga mablag‘ ajratilib yer tanlandi;
  • — 240 ta xonadonga bepul gaz balonlari tarqatildi;
  • — Yangi podstansiya o‘rnatilib, 5 km ga elektr liniyasi tortilmoqda.
  • — 1,5 km yangi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari boshlab yuborildi.

Xabarda aytilishicha, cho‘ng‘aralik yoshlar bilan uchrashuv boshlanishida hokim binoga yetganida to‘satdan zal ichidan suratdagi qiz non ko‘tarib chiqib keldi. Hokim uning ra’yini qaytarmay, nondan totindi-da, qizni yetaklab zalga kirgan va shu zahoti cho‘ng‘aralik tashkilotchilarga boshqa bunday qilmaslikni tayinladi. Qizcha zaldan atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga ayvonchaga chiqdi, xolos.

Shunday bo‘lsa-da, bunday “ehtirom” shaklini quvvatlamaymiz. Ammo, bir surat tanqidchilari aslida nega davlat vakili bo‘lgan hokimni cho‘ng‘araliklar non bilan kutib olganlari sababiga to‘xtalmadilar, deyiladi bayonotda.

Aslida bu qishloq ahlining ularga, davlat ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikka minnatdorchiligi ramzi edi xolos. Qolaversa hokim hech kimga bunday kutib olish haqida topshiriq bermagan. Nega har narsadan faqat illat izlashga ko‘nikib qolinyapti?!

Yana bir gap, men (Muhammadjon Obidov) Farg‘ona viloyati hokimligining Axborot xizmati rahbari sifatida voqelik matni bilan ovora bo‘libman-u, unga ilova qilingan suratlarga e’tibor qaratmabman. Bu mening professional kamchiligim.

Barchaga hayotdan hikmat izlashni tilab qolamiz, deb yakunlanadi hokimlik bayonoti.

Kiritildi: 12:16 20.01.2020. O'qildi: 6258 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!