Bugun 21 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Farg‘ona anorchiligi jadal rivojlanmoqda

A A A
Farg‘ona anorchiligi jadal rivojlanmoqda

Muhtaram Prezidentimiz shu yilning 12-13 iyun kunlari viloyatimizga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish jarayonida Farg‘onaning ertangi kun istiqboli bilan bog‘liq ko‘plab ezgu tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Tashrif doirasida davlatimiz rahbari dastlab Quva tumanidagi Farg‘ona anorchilik mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma faoliyati bilan tanishgani bejiz emas. Boisi mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida viloyatimizda bog‘dorchilikni rivojlantirish, meva-sabzavotlar eksportini oshirish maqsadida o‘nlab istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilib, bu borada salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Ayni kunlarda tashrif doirasida belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona anorchilik agrofirmasida dunyoga mashhur yangi anor navlarini yaratish, viloyatimizning barcha shahar-tumanlarida anorzorlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Belgilangan rejaga ko‘ra, viloyat hokimligi ko‘magida shahar-tumanlarimizda joriy yilning o‘zida 5 ming gektar yangi anorzorlar tashkil etish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda,-deydi Farg‘ona anorchilik MCHJ shaklidagi agrofirma rahbari, Farg‘ona davlat universiteti faxriy professori Masturaxon Sayfuddinova. Shu maqsadda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, shahar-tumanlar hokimlari, qishloq xo‘jaligi sohasi olimlari va mutaxassislari ishtirokida joylarda amaliy seminarlar o‘tkazilyapti. Yangi anorzorlar tashkil etishga bag‘ishlab o‘tkazilgan 10 dan ortiq shahar-tumanlardagi seminarlar davomida anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni eksport qilish va ekoturizmni yo‘lga qo‘yishning istiqbollari xususida amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Farg‘ona anorchilik agrofirmasi qoshida Farg‘ona anorchilik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda agrofirma mutaxassislari hamkorligida bu yerda tarmoqda yangi ish boshlayotganlar uchun amaliy seminarlar tashkil etilyapti. 17 dekabrdan boshlangan amaliy seminarlarning dastlabkisida Quva va Toshloq tumani, Quvasoy shahridan tashrif buyurgan yangi loyihalar tashabbuskorlari qatnashdilar.

Hozirgi kunda 2 gektar anorzorimizdan mo‘l hosil yetishtirib, Rossiyaga eksport qilmoqdamiz, deydi Quva tumanidagi Rohatoy fermer xo‘jaligi rahbari Avazbek Teshaboyev. Ezgu tashabbslardan ruhlangan holda tumanning qir-adir yerlaridagi qarovsiz turgan 15 gektar yerda o‘z mablag‘imiz hisobidan anorzor barpo etishni rejalashtiryapmiz. Shu maqsadda tuman hokimligiga fermer xo‘jaligimiz nomidan ariza taqdim etdik. Aslida tumanimiz qir-adirlarida yuzlab gektar o‘zlashtirilmay yotgan bo‘sh yerlar mavjud. Bu joylarda anorchilik, pistachilikni rivojlantirish, yong‘oqzorlar tashkil etish mumkin.

Oltiariq tumanida joriy yilda 380 gektar yerda anorzorlar barpo etish ishlariga kirishildi. Buning uchun Farg‘ona anorchilik agrofirmasidan shartnoma asosida 387 ming tup anor qalamchalari olib kelish rejalashtirildi. Ayni kunlarda ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarish uchun 1 milliard 72 million so‘m mablag‘ zarurligi hisob-kitob qilindi.

Qiziltepa massivida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda viloyat hokimi 93 nafar loyiha tashabbuskorlariga anorchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi, deya suhbatimizni davom ettiradi Oltiariq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hayotjon Qoraboyev. Shu asosda tumanimizning qir-adir, dasht yerlarida anorzorlar barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda Oltiariq tumanining Qiziltepa massivida Farg‘ona anorchilik agrofirmasi mutaxassislari tomonidan namunaviy tarzda anorzorlar barpo etish ishlari olib borilmoqda. Bu yumushlarning sifatli, belgilangan agrotexnik tadbirlar doirasida amalga oshirilishi viloyat hokimligi e’tiborida. Har bir jarayon hayotiy va ilmiy tajribani o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda tashkil etilishi ta’minlanyapti.

Oltiariqda uzumchilik tarmog‘i yaxshi rivojlangani barchamizga yaxshi ma’lum, dedi viloyat rahbari. Ammo anorchilik tarmog‘ini rivojlantirish orqali daromad salmog‘ini uzumchilikka qaraganda bir necha barobar oshirish mumkin. Buning uchun Qapchug‘ay masssividagi kam hosilli bog‘-rog‘lar, qir-adir, dasht yerlarida yangi anorzorlar tashkil etish o‘rinlidir. Bu hududda agroturizm, ekoturizmni rivojlantirish uchun ham qulay imkoniyatlar bor. Ayni jihatlarni inobatga olib, har bir loyiha tashabbuskoriga o‘rtacha 1 gektardan yer ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu bilan birga ilg‘or innovasion g‘oya va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish zarur. Agrotexnik tadbirlar o‘tkazishda yangicha yondashuv, qator orasiga mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan ishlov berish, tomchilatib sug‘orish singari samarali hamda tejamkor usullardan unumli foydalanish kerak.

Rishton tumanining Markaziy Farg‘ona yerlarida joylashgan Manguberdi bog‘lari fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan seminarda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, loyiha tashabbuskorlari, fermerlar, irrigator va veterinarlar ishtirok etishdi. Seminar qatnashchilariga viloyat hokimi SH.G‘aniyev, viloyat hokimi o‘rinbosari SH.Teshayev, Farg‘ona anorchilik agrofirmasi rahbari M.Sayfuddinovalar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.

Bu yil Rishton tumanida 300 gektar yerda anorzorlar barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 649,7 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib 250 ming tupga yaqin anor ko‘chatlari ekiladi. Bugungi kungacha 40 nafar loyiha tashabbuskorlaridan arizalar olinib, ularga yer maydonlari ajratildi. O‘z navbatida 21 nafar loyiha tashabbuskorlari bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolanishiga erishildi.

Darhaqiqat, anorchilik ulkan daromad manbai sifatida istiqbolli tarmoqdir. Kamyob va shifobaxsh ne’mat sifatida anor zamonaviy tibbiyot va tabobatda juda ham foydali hisoblanadi. Jahon bozorida esa ushbu mahsulotga bo‘lgan talab va taklif yuqoriligi esa viloyatimizda anorchilik tarmog‘ini rivojlantirish bugungi kun talabi ekanligini anglatadi. Bu tarmoq viloyatimiz qishloq xo‘jaligi rivoji va meva-sabzavotlar eksporti hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Yaqin istiqbolda investisiya dasturlari doirasida viloyatimizga Yevropadan qadoqlash, mahsulot qabul qilish, yuvish va saralash uskunalari, muzlatgich agregatlari keltirib o‘rnatish rejalashtirilmoqda, deydi M.Sayfuddinova. Natijada nafaqat anor yetishtirish, shu bilan birga anor sharbati, saralangan anor donachalari, qadoqlangan anor tayyorlash hamda eksport qilish hajmi yildan yilga ortib boradi. Buning uchun viloyatimizda qulay iqlim sharoiti hamda huquqiy va iqtisodiy asoslar yaratilgan.

Ayni kunlarda viloyatimizning barcha hududlarida davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Manba: haqiqat.uz

Kiritildi: 07:59 22.12.2018. O'qildi: 2921 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!