Parijdagi Eyfel minorasida yong‘in chiqdi, deb xabar bermoqda BFMTV. 1200 ga yaqin sayohatchi tezda evakuasiya qilindi.
Eyfel minorasi boshqaruv kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga ikkinchi va uchinchi qavatlar oralig‘idagi lift elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Yong‘in mahalliy vaqt bilan taxminan 10:30 da sodir bo‘lgan. Voqea joyiga zudlik bilan o‘t o‘chirish xizmatlari yetib kelgan. Tashrifchilarning hech biri jabrlanmagan, deya qayd etadi boshqaruv kompaniyasi.
Qayd etilishicha, minora bugun yana tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi, lekin cheklangan darajada – faqat ikkinchi qavatgacha. Minora tepasiga o‘tish joyi keyinroq ochiladi.