Bugun poytaxtimizda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 8 may kuni Prezidentning “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi belgilandi. Saylov kodeksida Prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Saylovga tayyorgarlik milliy qonunchilikda nazarda tutilgan tashkiliy ishlardan boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023 yil 10 maydan muddatidan ilgari Prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi. Shu tariqa mamlakatda Prezident saylovi erkin va adolatli, ochiq va oshkora tayyorgarlik ishlari boshlandi. Prezident saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ishlar Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan Konstitusiya, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari, shuningdek, kalendar rejaga muvofiq amalga oshirildi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi xolis axborotlarni saylovchilar va siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazish ta’minlandi.
Lutfulla Suvonov,
"Yangi O‘zbekiston" gazetasi muharriri