Tesla uchun ayniqsa aprel Yevropada omadsiz keldi. Mutaxassislarning fikricha, kompaniyani faqat yangi, arzonroq modelgina qutqarib qolishi mumkin.
Qator davlatlarda aprel oyida Tesla’ning sotuvlari so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushib ketdi. Shvesiyada talab darhol 81 foizga kamaydi — bu 2022 yil kuzidan beri eng past ko‘rsatkichdir. Xuddi shunday vaziyat Niderlandiyada (-74 foiz), Daniyada (-67 foiz), Fransiyada (-59 foiz) va Portugaliyada (-33 foiz) ham kuzatilmoqda.
Aprelda Tesla Shvesiyada bor-yo‘g‘i 203 ta avto sotgan — bu 2022 yil oktyabridan beri eng past natija. Niderlandiyada 382 ta, Portugaliyada 302 ta avto sotilgan. Ayrim bozorlarda, aksincha, o‘sish qayd etilgan: Italiyada 446 avto (+29 foiz), Norvegiyada 976 ta (+12 foiz).
Kompaniya Yevropa bozorida talabni oshirish maqsadida marketingni kuchaytirdi — chegirmalar, qulay kreditlar va boshqa bonuslar taklif etildi. Biroq bu harakatlar hali sezilarli samara bermadi.
Tesla bozordagi ulushini yo‘qotmoqda
2024 yil mart oyida Tesla’ning Yevropa Ittifoqidagi elektromobillar bozoridagi ulushi 8,8 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu oyidagi 19,7 foizlik ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar kam. Sotuvlar pasayishi fonida kompaniyaning choraklik daromadi 20 foizga tushdi, sof foyda esa 71 foizga qisqardi.
Qizig‘i shundaki, elektromobillar bozori umumiy holda o‘sishda davom etmoqda — 2023 yil apreliga nisbatan 28 foizga ko‘tarilgan. Biroq Tesla bu o‘sishga moslasha olmayapti: joriy yilning birinchi choragida kompaniyaning Yevropa bo‘yicha sotuvlari 37 foizga kamaydi.
Investorlar uchun tushkun raqamlar
Tesla’ning (regulyator kreditlarsiz) operasion marjasi 2024 yilning birinchi choragida 12,5 foizni tashkil etdi — bu avvalgi chorakdagi 13,6 foizdan kam. Bu aslida kutilayotgan 11,8 foizlik ko‘rsatkichdan yaxshi bo‘lsa ham, investorlarning kutilmalarini qondirmadi.
Xitoy raqobati va boshqa xavflar
Tesla’ning pozisiyalariga ta’sir etuvchi omillar sirasiga Ilon Maskka qarshi Yevropadagi noroziliklar, Xitoy avtogigantlarining ekspansiyasi va yangilangan Model Y’ning kechikkan ishlab chiqarilishi kiradi.
Rho Motion ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning BYD kompaniyasi Yevroittifoq bozorida 2,9 foiz ulushga ega bo‘ldi, XPeng — 1,2 foiz. Plagin-hibrid segmentida BYDning ulushi 3,1 foiz, SAIC — 3,9 foiz, Chery — 0,6 foizni tashkil qilmoqda.
«Tesla’ning texnologik ustunligi endi ilgarigidek ishonch uyg‘otmaydi», — dedi SC Insights hammuassisi Endi Leyland.
Yagona umid — yangilangan Model Y
Kompaniya Yevropa bozorida restayling qilingan Model Y uchun buyurtmalarni qabul qilishni boshladi, biroq yetkazib berish ishlari iyundan avval boshlanmaydi. Rho Motion kompaniyasining avtomobil sanoati bo‘limi rahbari Uill Robertsga ko‘ra, ishlab chiqarishdagi tanaffuslar prognoziga jiddiy xavf solmoqda.
Imij muammolari va Maskka qarshi kampaniyalar
Tesla’ning reputasion muammolari ham ortib bormoqda. Ilon Maskning Donald Trampni ochiq qo‘llab-quvvatlashi va siyosiy bayonotlari bir qator davlatlarda noroziliklarga, zaryadlash stansiyalaridagi vandalizm va boykot chaqiriqlariga sabab bo‘lmoqda.
Electrifying.com so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 59 foizi Maskning siyosiy pozisiyasi ularning Tesla sotib olishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirganini aytgan.
Tramp bojlari va iqtisodiy bosim
Tesla endi iqtisodiy bosimga ham duch kelmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya Xitoydan ayrim komponentlar yetkazib berishni to‘xtatgan, chunki AQSh Xitoy importiga bojlarni 145 foizgacha oshirgan. Bunga javoban Xitoy o‘z cheklovlarini kiritdi va ichki bozorda Model S va Model X’ga buyurtmalar vaqtincha to‘xtatildi.
Mask bojlarning pasayishini qo‘llab-quvvatlashini va Tesla global iqtisodiy noaniqlikdan himoyalangan emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu beqarorlik iste’molchilarni yirik sarflardan, jumladan avtomobil xarididan tiyib turibdi.
«Agar makroiqtisodiy muammolar bo‘lmaganida, talab pasaymagan bo‘lardi», dedi Mask. Unga ko‘ra, ayniqsa, energetika bo‘limi yangi bojlardan ko‘p ziyon ko‘radi.
Siyosiy faollikdan Tesla’ga qaytish
Ilgari byudjet tanqidlari va Tramp ma’muriyatidagi tashabbuslarda faol ishtirok etib kelgan Mask so‘nggi postlarida Tesla, SpaceX, xAI va Neuralink’ka qaytishi haqida xabar berdi. Camelthorn Investments investori Shon Kempbellning fikricha, Maskning kompaniyaga qaytishi aksiyalar uchun ijobiy, biroq to‘liq o‘sish faqat u siyosiy sahnadan to‘liq chetlashsa amalga oshadi.
Tesla’ning kelajagi — arzon, ommaviy modelda
Kompaniyaning asosiy umidi — arzon va ommaviy yangi model. U mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida yig‘iladi, chunki yangi byudjet platformasi yaratish loyihasi o‘tgan yili bekor qilingan.
Ishlab chiqarish muddati kechikishi mumkin. Tesla vise-prezidenti Lars Moravining aytishicha, yangi model tashqi ko‘rinishi bo‘yicha amaldagi avtofurgonlarga o‘xshaydi, ammo narxi ancha arzon bo‘ladi: «Bu — haqiqiy xarid qilinadigan avtomobil».
Robotaksilar loyihasi va xavotirlar
Kompaniya Ostinda (Texas shtati) robotaksi pilot loyihasini iyunda boshlashni rejalashtirmoqda. Ruxsat olish jarayonlari davom etmoqda, biroq ekspertlar ommaviy qo‘llashda xavf va huquqiy xatarlar mavjudligini aytishmoqda.
Maskning aytishicha, 2026 yil ikkinchi yarmida millionlab avtonom Tesla avtomobillari yo‘llarda bo‘ladi.
Shunga qaramasdan, ishonch pasayib borayotgan, raqobat keskinlashgan sharoitda Tesla uchun oson kunlar kutilmayapti. Mask rahbarlikdan ketishi haqidagi mish-mishlar rad etildi — u kompaniyada qolib, natija ko‘rsatishga va’da berdi. Investorlar esa tinchlantiruvchi bayonotlar emas, moliyaviy hisobotlarda sezilarli o‘zgarishlarni kutmoqda.