Sovuq ob-havo fonida Yevropada gaz zaxiralari o‘tgan yetti yilga nisbatan tezroq sarf bo‘lmoqda. Bu haqda YEI gaz omborlaridagi ma’lumotlarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Agentlikning qayd etishicha, o‘tgan yilning shu vaqtida mazkur gaz omborlari 86 foizga to‘la bo‘lgan, hozir esa ushbu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil etmoqda.
Ekspertlar Yevropa joriy mavsumda gaz taqchiligiga duch kelmasligini ma’lum qilmoqda. Ammo Goldman Sachs tahlilchisi Samanta Dartning so‘zlariga ko‘ra, mart oyiga borib gaz qancha kam qolsa, keyingi qish mavsumi uchun zaxiralarni to‘ldirish shuncha qiyin kechadi. Tabiiyki, bu qisqa muddatda narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.
Havo haroratining tushib ketganiga qo‘shimcha ravishda texnik muammolar ham paydo bo‘lgan. Xususan, Norvegiyaning Xammerfest shahridagi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodi faoliyati to‘xtatilgan. 9 dekabrda zavoddagi kompressor ishdan chiqqandi.