Evroparlament a’zolari Gruziya hukumatining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash sa’y-harakatlarini to‘xtatib qo‘yish qaroridan afsusda. Bu haqda AP Tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Devid Makallister, YEI-Gruziya parlament assosiasiyasi qo‘mitasi raisi Nil Ushakov va Yevroparlamentning Gruziya bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Rasa Juknevichiyene qo‘shma bayonotida aytiladi.
«Bu Gruziyaning 2022 yilning mart oyida YEIga a’zo bo‘lish uchun ariza berish suveren qarori edi», shundan so‘ng unga «nomzodlik maqomi 2023 yil dekabrida berildi», deb eslaydi AP. «Ushbu tarixiy imkoniyatni ro‘yobga chiqarish va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini ilgari surish o‘rniga, Gruziyada doimiy demokratik orqaga qaytish kuzatilmoqda», dedi ular.
Evroparlament yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari xalqaro demokratik standartlarga javob bermaganini yana bir bor ta’kidlab, namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikni qoraladi va gruzin xalqining Yevroatlantika intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
Ayni paytda Tbilisida mamlakatning YEIga kirishi bo‘yicha muzokaralarning muzlatilishiga qarshi yangi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Rustaveli prospektidagi parlament yaqinida bir necha yuz talaba to‘planib, ular yo‘l harakatini to‘sib qo‘yishdi. Shuningdek, Respublika maydonida kechagi namoyishda ishlayotgan jurnalistlar bilan birdamlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Kecha Tbilisida Yevropa integrasiyasi tarafdorlarining mitingini tarqatish chog‘ida o‘nlab odamlar hibsga olingan edi.