Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Evropa komissiyasi Temuga yirik jarima solmoqchi

Evropa komissiyasi Temuga yirik jarima solmoqchi

Evropa komissiyasi Xitoyning Temu onlayn-platformasi noqonuniy va xavfli tovarlar sotilishining oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rmayapti, degan dastlabki xulosaga keldi. Agar qoidabuzarliklar yakuniy tarzda tasdiqlansa, kompaniyaga yillik global aylanmasining 6 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Tekshiruv davomida platformadagi tovarlar xavfsizligini nazorat qilish, kontentni tekshirish va qoidalarni buzgan sotuvchilarga nisbatan chora ko‘rish tizimida bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Jumladan, Temu sotuvchilardan faqat tovarlarning cheklangan toifalari bo‘yicha sinov bayonnomalarini talab qiladi. Buning ustiga, taqdim etilgan hujjatlar har doim ham sinchkovlik bilan tekshirilmaydi. Yevropa komissiyasi, ayniqsa, elektronika va kosmetika kabi xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar nazorati yetarli emasligiga e’tibor qaratgan.

Tekshiruvchilarning fikricha, platformaning amaldagi moderasiya tizimi tovarlar xavfsizligini tekshirishdan ko‘ra, ular haqida e’lon qilingan ma’lumotlarni nazorat qilishga ko‘proq yo‘naltirilgan. Shuningdek, tovarlar assortimenti kengaygan bo‘lsa-da, kontentni tekshiruvchi mutaxassislar soni shunga mos ravishda oshmagan.

Evropa komissiyasi sotuvchilarga nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalarni ham tanqid qildi. Idora baholashicha, cheklovlar ko‘pincha aniq bir sotuvchiga emas, balki uning shaxsiy do‘koniga nisbatan qo‘llaniladi. Natijada do‘konlaridan biri bloklangan sotuvchi boshqa do‘kon ochib, savdosini davom ettirishi mumkin.

Temu kompaniyasi Yevropa komissiyasining dastlabki xulosalariga qo‘shilmasligini ma’lum qildi.

«No­qonuniy tovarlar tarqalishi xavfini kamaytirishga qaratilgan choralarimiz bo‘yicha komissiyaning dastlabki xulosalariga qo‘shilmaymiz», — deya xabar berdi kompaniya vakillari.

Shuningdek, platforma vakillari mahsulotlar xavfsizligi talablariga rioya qilish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish uchun katta miqdorda mablag‘ ajratayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil may oyida Yevropa komissiyasi Temu platformasiga xavfli tovarlar savdosi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun 200 million yevro jarima solgan edi. Ular orasida bolalar o‘yinchoqlari va nuqsonli quvvatlagich qurilmalari ham bo‘lgan.

Endilikda kompaniya tekshiruvning dastlabki xulosalari bilan tanishib, o‘z e’tirozlarini bildirishi mumkin. Agar qoidabuzarliklar yakuniy tarzda tasdiqlansa, Temu kompaniyasiga yillik global aylanmasining 6 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 01:00. O'qildi: 484 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik