Evropa yetakchilari AQShning NATO'dan chiqishiga va alyans parchalanishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Politico.
Nashrga ko‘ra, Yevropalik mulozimlar va diplomatlarning fikricha, NATO allaqachon falaj holatga kelib qolgan.
"Ular hatto yig‘ilishlar ham o‘tkaza olmayapti. NATO parchalanib borayotgani kundek ravshan. Alyans butunlay o‘lishini kutib o‘tirolmaymiz", — dedi yevropalik diplomatlardan biri.
O‘tgan haftada Xelsinkida 10 nafar Yevropa yetakchisi yopiq kechki ovqatda to‘planib, Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratlari tobora kuchayib borayotganini, biroq Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi jangovar harakatlarga qo‘shilish talabini qabul qila olmasliklarini muhokama qilishdi. Yuqori lavozimli mulozimga ko‘ra, amerikaliklar Eronga hujum qilish orqali yo‘l qo‘ygan xatolari oqibatlarini endi o‘zlari hal qilishlari kerak.
"Biz urush tugashini xohlaymiz, lekin AQSh bilan bir to‘lqinda emasmiz. Yevropaliklarning aksariyati oldindan xabardor qilinmagan, Fors ko‘rfazining esa NATO'ga aloqasi yo‘q", — deydi muhokamalardan xabardor manba.
NATO bosh kotibi Mark Ryuttening AQShni tanqid qilishdan bosh tortishi esa ba’zi ittifoqchilarning g‘azabini qo‘zg‘atmoqda. Hozirda Yevropa Ittifoqi Vashington yordamisiz o‘z mudofaa rejalarini ishlab chiqishni faollashtirgan. Xususan, Britaniya tashabbusi bilan tashkil etilgan Birlashgan ekspedisiya kuchlari (JEF) va Shimoliy mudofaa hamkorligi (Nordefco) kabi tuzilmalarning ahamiyati tobora oshib bormoqda.