Eron Tashqi ishlar vazirligi (TIV) ikki qo‘shni musulmon davlati - Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning kuchayishi va natijada xavfsizlikka tahdidlar hamda gumanitar oqibatlar yuzasidan chuqur xavotir va afsus bildirdi.
Bu haqda vazirlik ijtimoiy tarmoq sahifasida chop etilgan bayonotda xabar berdi.
TIV ikki davlat o‘rtasida harbiy harakatlarga chek qo‘yish va keskinlikni kamaytirish uchun zudlik bilan muloqotni boshlash va aloqalarni o‘rnatishga chaqirdi.
"Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi qarama-qarshilik, qo‘shni ikki davlatda inson va moddiy yo‘qotishlardan tashqari, qo‘shni mintaqadagi xavfsizlik holatining yanada yomonlashishiga ham olib keladi", deyiladi bayonotda.
Hujjatda Eronning keskinlikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, harbiy qarama-qarshilikni to‘liq to‘xtatishga va o‘zaro tushunishga erishish uchun ikki davlat o‘rtasida muloqotni osonlashtirishga tayyorligi ta’kidlangan.