Eron sudi mashhur xonanda Amir Husayn Magsudluni shakkoklikda ayblaganidan keyin o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
37 yoshli xonanda 2018 yildan beri Istanbulda istiqomat qilgan. Biroq 2023 yil dekabrida Turkiya polisiyasi uni Eronga topshirgan. O‘shandan beri u Eronda hibsda saqlanmoqda. U “fohishabozlik”ni targ‘ib qilgani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, boshqa hollarda esa u “nomaqbul kontent” tarqatishda ayblangan.
Oliy sud ishni qayta ko‘rib chiqqan va Amir Husayn Magsudluni payg‘ambarni haqoratlaganlikda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qilgan.
Rep, pop-musiqa va R&B uyg‘unligi bilan tanilgan ko‘plab tatuirovkalarga ega bo‘lgan ijrochi ilgari konservativ siyosatchilar orasida “mashhur” bo‘lgan. Ular xonanda yosh va liberal eronliklarning fikriga ta’sir o‘tkazmoqchi ekanini aytgan.
2017 yilda u hatto o‘ta konservativ Ibrohim Raisiy bilan televizion uchrashuvda qatnashgan. Raisiy keyinchalik Eron prezidenti bo‘ldi, ammo 2024 yilda vertolyot halokatida vafot etdi.
2015 yilda Tehron va jahon davlatlari o‘rtasidagi muhim yadro kelishuvi barbod bo‘layotgan paytda, xonanda Eronning yadro dasturini qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shiq chiqargandi.