Bugun 3 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Eron rasman MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatdi

Eron rasman MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatdi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian MAGATE (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) bilan hamkorlikni cheklovchi qonunni imzoladi. Bu qaror AQSh va Isroil tomonidan iyun oyida Eron yadroviy ob’ektlariga uyushtirilgan havo hujumlariga javob sifatida qabul qilindi.

Yangi qonunga ko‘ra, endi MAGATE inspektorlari Erondagi yadroviy ob’ektlarga faqat mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashining maxsus ruxsati bilan tashrif buyurishlari mumkin.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi MAGATE bosh direktori Rafael Grossiga qarshi chiqib, uning mamlakatga tashrifini nomaqbul deb e’lon qildi. Arakchi Grossini MAGATEning Eronga nisbatan salbiy qarorlariga (jumladan, iyundagi rezolyusiyaga) «jim qolish» va «yaqqol bir tomonlama yondashuv»da aybladi.

MAGATE rahbarining hujumdan jabr ko‘rgan ob’ektlarni ko‘rish haqidagi so‘rovi rad etildi. Arakchi bu talablarni «zararli va haqoratli» deb atadi.

Rasmiy Tehron Grossiga tahdid qilgani to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etdi. Biroq Erondagi ultrakonservativ «Keyhon» gazetasi Grossini go‘yoki Isroil josusi deb atab, uni «qatl etish lozim» deb yozdi. Bu bayonotlar Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya tomonidan keskin qoralandi.

13 iyundan 24 iyungacha Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlarda, Eron rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 935 kishi halok bo‘lgan, shulardan 132 nafari ayol va 38 nafari bola. Isroilga javob zarbasi natijasida 28 kishi halok bo‘lgan. AQSh Fordo, Isfahon va Natanzdagi yadroviy inshootlarga zarba berdi.

Donald Tramp Eronning yadroviy dasturi «yo‘q qilingan»ini ta’kidlagan bo‘lsa, Eron buni rad etib, «jiddiy zarar» keltirilganini tan oldi. Abbos Arakchi so‘zlariga ko‘ra: «Fanni bomba bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi».

Kiritildi: Bugun 10:35. O'qildi: 320 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!