Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Esmoil Bag‘ai Eronning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorligi Isroil va AQShning hujumlaridan keyin avvalgidek davom eta olmasligini aytdi, deb xabar beradi Anadolu.
Uning ta’kidlashicha, parlamentning agentlik bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori amalga oshirilishi kerak.
Tehrondagi matbuot anjumanida Bag‘ai 31 may kuni e’lon qilingan Eron yadroviy dasturi bo‘yicha MAGATE hisoboti AQSh va Isroilning yangi dushmanlik harakatlariga bahona bo‘lganini aytdi.
“Bu xabar shunchaki bahona edi. Shuning uchun agentlik tushuntirish berishi kerak. MAGATE bosh direktori Mariano Grossi, ayniqsa, bir necha kun oldin tinch yadroviy inshootlarimizga qilingan hujumlardan keyin ham ba’zi talablarni qo‘yishda davom etayotgani tushunarsiz”, – dedi Bag‘ai.
Uning aytishicha, Eron hozirgi sharoitda agentlik inspektorlari xavfsizligini kafolatlay olmaydi.
“Agentlik va uning rahbari bu hujumlarni oqlab, qonuniylashtirayotgan bir paytda, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga a’zo davlat noqonuniy zarbalar berilgan taqdirda o‘z majburiyatlarini bajarishini kutishning iloji yo‘q”, – dedi u.
Bag‘ai parlament tomonidan qabul qilingan, MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi qonun hukumat uchun majburiy ekanligini va agentlik o‘z pozisiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidladi.
Yadro dasturi bo‘yicha AQSh bilan muzokaralarni qayta boshlash istiqbollari haqidagi savolga javob berar ekan, diplomat hozircha aniq qaror qabul qilinmaganini, biroq maslahatlashuvlar davom etayotganini aytdi.
Isroilning Eronga qarshi tajovuzi yuzasidan Yevropa davlatlarining pozisiyasini izohlar ekan, Bag‘ay Germaniya va Fransiya vakillarining bayonotlarini o‘rinsiz deb atadi.