Eron Islom Respublikasi milliy manfaatlarni himoya qilish masalasida hech qanday tashqi bosim va shartlarni qabul qilmaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Esmail Bagai bayonot berdi.
"Tasnim" axborot agentligi xabariga ko‘ra, E. Bagai Eron tomoni o‘z suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashda qat’iy ekanini ta’kidlagan. Vazirlik mulozimining qayd etishicha, rasmiy Tehron AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilayotgan ultimatumlarni tan olmaydi.
"Biz milliy manfaatlarimizni himoya qilish yo‘lida zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishda davom etamiz. Har qanday tajovuzkor harakat yoki avantyuraga nisbatan munosib va keskin javob qaytariladi", — dedi Esmail Bagai.