Manbaga ko‘ra, faqat 2024 yilning o‘zida AQSh moliyaviy tizimi orqali Tehronning yashirin moliyaviy tarmoqlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan taxminan 9 milliard dollar o‘tkazilgan. Gap Eron va AQSh kredit tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri operasiyalar haqida ketmayapti.
Sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Tehron asosan Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va boshqa yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan soxta kompaniyalar, vositachilar hamda valyuta ayirboshlash shoxobchalaridan iborat keng tarmoqdan foydalanadi. Bu tuzilmalar AQSh moliya institutlari bilan korrespondentlik munosabatlariga ega bo‘lgan xorijiy banklarda hisob raqamlar ochadi.
Xalqaro hisob-kitoblarning katta qismi dollarda amalga oshirilgani sababli, ushbu operasiyalar yakunda AQSh banklari orqali o‘tadi. Biroq ularning Eron bilan aloqasi turli usullar orqali yashiriladi.
AQSh rasmiylari Eronga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qaratilgan yirik sxema aniqlanganini ma’lum qilgan. Unda Misr davlat bankining BAAdagi «Misr» bank filiallari orqali AQSh moliyaviy tizimiga taxminan 1,8 milliard dollar kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Idora bahosiga ko‘ra, 2024–2026 yillar oralig‘ida ushbu bankning BAAdagi bo‘limi hisob raqamlari orqali Tehronning yashirin moliyaviy tarmoqlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 103 ta kompaniyaning operasiyalari o‘tgan. Ko‘rsatilgan davrning so‘nggi 12 oyida bunday operasiyalar hajmi qariyb 520 million dollarni tashkil etgan.
FinCEN ma’lumotlariga ko‘ra, bank mijozlari orasida Eron Mudofaa vazirligi va Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi (KSIR) tomonidan mablag‘larni ko‘chirish va turli tovarlarni xalqaro cheklovlarni chetlab o‘tgan holda xarid qilish uchun foydalanilgan soxta kompaniyalar ham bo‘lgan.
Xususan, idora materiallarida Alpa Trading FZCO kompaniyasi tilga olingan. Uning BAAdagi «Misr» banki orqali amalga oshirgan operasiyalari 32 million dollardan oshgan. Shuningdek, AQSh tomoni Eron oliy rahbariyatining moliyaviy tarmog‘i bilan bog‘laydigan Midas Oil Trading DMCC kompaniyasi ham qayd etilgan.