Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Er islohotlari: Ozarbayjon tajribasi va uning O‘zbekiston uchun ahamiyati

Er islohotlari: Ozarbayjon tajribasi va uning O‘zbekiston uchun ahamiyati

Bugun yer islohotlari O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega masalalardan biri. Chunki qishloq xo‘jaligi, qolaversa butun iqtisodiyotning rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligining ta’minlanishi ko‘p jihatdan ana shu islohotlarga bog‘liq. Shuning uchun Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari Ozarbayjonda amalga oshirilgan yer islohotlarini o‘rganib chiqdi. Bu bejiz emas. Chunki O‘zbekiston ham, Ozarbayjon ham o‘z mustaqilligini deyarli bir vaqtda qo‘lga kiritgan. Shu bois ulardagi shart- sharoit, iqtisodiy va institusional muammolar o‘xshash edi. Biroq Ozarbayjondagi yer islohotlari ancha oldin boshlangani tufayli hozirga qadar bu borada yetarlicha tajriba to‘plangan. Ozarbayjondagi yer islohotlari biz uchun shunisi bilan ham ahamiyatli.

Demak, Ozarbayjonda yer munosabatlarini isloh qilish bir necha bosqichda amalga oshirildi. Asosiysi birinchi bosqich bo‘ldi: 1996-2003 yillar. Bu davrda davlat yerlarini xususiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirildi, 50 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va islohotlarning qonunchilik asoslari yaratildi. Yerga egalik shaklini o‘zgartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirish asosiy maqsad qilib belgilandi.

Biroq xususiylashtirish jarayoni juda sekin kechdi. Davlat aktivlarini topshirish ko‘p hollarda kechiktirildi, ayrim hollarda berilgan aktivlar aslida foydasiz bo‘lib chiqdi. Bunga asosan hududiy hokimliklarning o‘z kuchini yo‘qotishdan qo‘rqib, sun’iy to‘siqlar yaratgani, islohotlar jarayoniga to‘sqinlik qilgani sabab bo‘ldi. Munisipalitetlarning roli zaif edi. Birinchi saylangan munisipalitetlar faqat 2000-yil yanvar oyidan ishlay boshladi.

Erlarni taqsimlash qur’a tashlash yo‘li bilan amalga oshirildi. Bunday taqsimot jarayon ko‘p hududlarda adolatli o‘tganligini tasdiqladi.

Xususiylashtirilgan uchastkalarning maydoni qishloqning yer resurslariga bog‘liq bo‘lib, yeri kam hududlarda 0,1-0,5 gektardan bir necha gektargacha o‘zgarishi mumkin edi. Islohotlarning muhim xususiyatlaridan biri shundaki, yer xususiy qo‘llarga bepul o‘tkazildi. Yashash joyidan qat’i nazar barcha fuqarolarga yerdan foydalanish, ijaraga berish, sotib olish yoki sotish huquqi berildi. Dasturlar mamlakatning turli hududlarida tajriba asosida amalga oshirildi.

Eski boshqaruv shakllarining tugatilishi natijasida yerga egalik qilishning uchta shakli yaratildi: davlat yerlari, munisipal yerlar va xususiy yerlar.

Erlarning katta qismi, jumladan, ekin maydonlari xususiylashtirildi. Natijada 3,5 milliondan ortiq fuqaro yer egasiga aylandi. 2004-yilda yer olish huquqiga ega oilalarning 98,1 foizi o‘z yeriga ega bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 1996-yildan boshlab barqaror o‘sa boshladi. O‘sish yiliga o‘rtacha 8,4 foizni tashkil etdi va davr oxiriga kelib, 1991-yil darajasining 75 foizigacha tiklandi.

Shu bilan birga, islohotlarning ushbu davridagi bir qator kamchilik va qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlarni ham qayd etish lozim. Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq tarmoqlarning sust rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi uy xo‘jaliklari uchun daromad manbalarining cheklanishi shular jumlasidandir. Bu esa iste’mol va boshqa sanoat tovarlariga talabning o‘sishini sekinlashtirdi.

2004-yildan Ozarbayjonda yer islohotlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Unda asosiy e’tibor yer resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratildi. Shu maqsadda Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi, Yer inspeksiyasi tashkil etildi, davlat dasturlarini amalga oshirish uchun xalqaro donorlar keng jalb qilindi. Bundan tashqari yer uchastkalarini davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yishning aniq asoslari va mezonlari belgilandi. Islohotlarning ikkinchi bosqichi mamlakatda yer bozorining notekis bo‘lsada, intensiv rivojlanishini rag‘batlantirdi.

Islohotlarning hozirgi bosqichida davlat yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda. Bundan tashqari, islohotlarning avvalgi bosqichlarida jismoniy shaxslar tomonidan olingan, biroq hujjatlashtirilmagan yerlar uchun mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilayapti.

Ushbu chora-tadbirlar mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlash, shuningdek, sanoat yerlari egalarining muntazam subsidiyalar olish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan.

Kiritildi: 22:25 05.08.2022. O'qildi: 4168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!