Bugun 7 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Endi talabalarni o‘qish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish mumkin emas

Endi talabalarni o‘qish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish mumkin emas

Oliy ta’lim sohasini tartibga soluvchi yangi me’yoriy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, 2026 yil 3 aprel kuni mazkur hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yangi tasdiqlangan nizomda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, boshqaruv va moliyaviy munosabatlar, shuningdek, talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilgan.

Hujjatga ko‘ra, talabalar quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
— ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
— ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
— kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
— xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
— oliy ta’lim muassasasi qarorlari ustidan shikoyat qilish;
— mehnat qonunchiligi asosida ishlash;
— kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oluvchilar uchun stipendiya olish.

Shu bilan birga, talabalarni ta’limga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlandi.

Yangi nizomga muvofiq, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi va u Yevropa kredit transfer tizimi talablariga moslashtiriladi.
Oliy ta’lim bakalavriat (kamida 3 yil) va magistratura bosqichlarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, sirtqi ta’lim kunduzgi ta’limga nisbatan kamida 1 yilga, kechki ta’lim esa kamida yarim yilga uzoq bo‘lishi belgilandi.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim quyidagi shakllarda tashkil etiladi:
— kunduzgi;
— masofaviy;
— dual;
— inklyuziv.

Yangi hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi. Shu bilan birga, ta’lim dasturlari mehnat bozori talablariga moslashtirilib, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Kiritildi: 23:29 06.04.2026. O'qildi: 221 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!