Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, Rossiya rasmiylarining bildirgan fikrlari yuzasidan bayonot berdi.
Boku Rossiya tomoni ommaviy muhokamalar chog‘ida faqatgina Ozarboyjonning ichki ishlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni ko‘targanini qayd etdi.
"Qorabog‘ hududi qaysidir davlatning qarori bilan emas, balki tarix, xalqaro huquq va adolat tamoyillariga ko‘ra Ozarbayjonning ajralmas qismidir", deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, Boku hech bir davlat, shu jumladan Rossiya ham Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hech qachon shubha ostiga qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlagan.
"Rossiya prezidenti administrasiyasi, hukumat va Tashqi ishlar vazirligi e’tiboriga diplomatik kanallar orqali Ozarboyjonning pozisiyasi yetkazildi. Unda Qorabog‘ hududidan siyosiy spekulyasiyalar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bunday harakatlarning to‘xtatilishiga umid bildirildi", deyiladi bayonotda.
Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, shunga qaramay, ushbu mavzu Moskva rasmiy doiralarida yangrashda davom etmoqda. Xususan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Vesti” telekanaliga bergan intervyusida Qorabog‘ning Ozarboyjonning hududi sifatida tan olinishi masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tgan.