AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Epshteyn fayllari”da Trampning yo‘qligi shubhali ko‘rinmoqda, deb yozmoqda Reuters.
Avvalroq Epshteyn ishi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarning amaldagi prezidenti Donald Trampning nomi bir necha bor tilga olingan edi. E’lon qilingan hujjatlardagi “keng ko‘lamli senzura” hatto respublikachilarda ham shubha uyg‘otdi, chunki bu holat 2026 yilgi Kongress uchun oraliq saylovlar arafasida janjalli vaziyatni bartaraf etishga yordam bermaydi.
"E’lon qilingan hujjatlar orasidan Trampning surati bo‘lgan kamida bitta fayl keyinchalik o‘chirib tashlangan. Uning yo‘qligiga Kongress Vakillar palatasidagi demokratlar e’tibor qaratishdi va Tramp ma’muriyatidan bunga izoh talab qilishdi", deb yozadi Reuters.
Avvalroq, Moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha arxiv e’lon qilinganidan so‘ng 24 soat ham o‘tmasdan, AQSh Adliya vazirligi saytida kamida 16 ta fayl yo‘qolib qolgani haqida xabar bergan edik.