Bugun 16 mart, 2025 yil, yakshanba

КИР

Ekologik qonunlarga doir respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi

A A A
Ekologik qonunlarga doir respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Samarqandda "Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?" ko‘rik-tanlovining umumta’lim maktablar jamoalari o‘rtasidagi respublika bosqichi o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun, tanlov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilmoqda.

Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva tanlovning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

"Mazkur tanlov respublika bo‘yicha jami 80 ming nafardan ortiq yoshlarni qamrab oldi. O‘quvchilarimiz ekologik huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ortda qolgan bosqichlarda yoshlarimizning atrof-muhitni muhofaza qilishga befarq emasligi, bu borada ko‘plab loyihalar, tashabbuslari borligi va eng muhimi, tabiat haqida qayg‘urishlariga guvoh bo‘ldik. Bu kabi tanlovlar ana shunday yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarishga, huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi", — dedi Zarrina Abdullayeva.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa ekologik muammolarni hal qilishda yoshlarning sohaga oid huquqiy bilimlarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

“Ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun iqtidorli, intiluvchan kadrlar safini kengaytirish lozim, – dedi O‘ktam O‘tayev. — Tanlovda ishtirok etayotgan yoshlar orasidan esa kelajakda ana shunday sohani har tomonlama mukammal egallagan kadrlar yetishib chiqishiga ishonaman”.

Samarqanddagi respublika bosqichida viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilar "Bu bizning hudud”, "Intellektual ring", "Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz", "Eng yaxshi ekologik loyiha" kabi shartlar bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi.

Shuningdek, yoshlar respublikamiz ekologiyasini asrab-avaylashga, ekomadaniyatni targ‘ib qilishga, plogging, iqlim o‘zgarishlari, daraxt kesish hamda suv muammolari, yosh ekologlar sonini ko‘paytirish, sohaga investisiyalarni jalb qilish va boshqa shu kabi dolzarb masalalarga qaratilgan loyihalari va tashabbuslarini taqdim etishdi.

Yakunda Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni, Xorazm viloyati jamoasi ikkinchi o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar quyidagi pul mukofotlari va diplom bilan taqdirlandi:

— 1-o‘rin — 15 000 000 so‘m

— 2-o‘rin — 10 000 000 so‘m

— 3-o‘rin — 5 000 000 so‘m

"Tanlovda "Toza tabiat — yashil kelajak" loyihasi bilan qatnashdik. Yutuqlarimiz, kamchiliklarimizni bilib oldik va bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz, — dedi Toshkent shahri jamoasi vakili Saidahror Salimjonov. — Maqsadimiz loyihani qayta ishlab, takomillashtirish, respublika darajasiga olib chiqish va barcha maktablarda joriy qilishdir".

Ma’lumot uchun, "Toza tabiat — yashil kelajak" loyihasi maktab o‘quvchilari orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, chiqindilarni saralashni o‘rgatish hamda qayta ishlash orqali tabiatni asrashga hissa qo‘shishga qaratilgan.

Ko‘rik-tanlovning kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘rtasidagi respublika bosqichi 17–19 mart kunlari Xorazmda bo‘lib o‘tadi.

Kiritildi: 11:15 15.03.2025. O'qildi: 437 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!