2026 yil 1 yanvardan O‘zbekiston sharoitida eko-stiker, ya’ni «Ekologik transport» tizimi kuchga kirmoqda. Eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llanadi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lumot berdi.
Mutaxassis jarimalar miqdori va ularning qo‘llanishi tartibiga aniqlik kiritmadi.
—Eko-stikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda bo‘ladi, — dedi Zoyir Yo‘ldoshev. — Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini o‘zgartirish huquqiga ega. Mamlakatimizdagi barcha hududlarda diagnostik markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik ko‘rikdan o‘tkazib, stikerlari rangini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, qizil stikerli avtomashinalar toza hududga kirmoqchi bo‘lganida bevosita xabari berib boriladi. Chunki transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hisobotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritib boriladi. Bu borada yagona elektron tizim mavjud. Bugungi kunda markaziy shaharlarning aksariyat qismida dasturlashtirilgan kameralar va kuzatish imkonini beruvchi boshqa vositalar mavjud.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llanadi.