Bu haqda Ursula fon der Lyayen Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa Kengashi rahbari Antonio Koshta bilan o‘tkazilgan qo‘shma brifingda ma’lum qildi.
"Kredit Yevropa kengashida 27 davlat va hukumat rahbarlari tomonidan kelishilgan. Ular so‘z berdi. Bu va’da buzilishi mumkin emas", — dedi Yevrokomissiya rahbari.
Shuningdek, Fon der Lyayen EI kreditni qanday mexanizm orqali taqdim etishini aniqlashtirmadi, faqat turli variantlar mavjudligini ta’kidladi.
Evroparlament rahbari Roberta Metsola ham Kiyevga ushbu kreditni ajratish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar Ukraina davlat xizmatlari faoliyatini ta’minlash va mamlakat mudofaasiga yo‘naltiriladi. Ular umumiy xavfsizlik va erkinlikni himoya qilish hamda Ukrainaning Yevropadagi kelajagini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vengriya 20 fevral kuni Ukrainaga kredit ajratishni bloklagan va “Drujba” neft quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti tiklanmaguncha o‘z pozisiyasini o‘zgartirmasligini bildirgan edi.
Ukrainaning bildirishicha, Rossiya neftini Slovakiya va Vengriyaga yetkazib berish uchun uning hududi orqali o‘tuvchi neft quvuri 27 yanvar kuni Rossiya zarbalari oqibatida shikastlangan, natijada neft yetkazish to‘xtatilgan.