Qadimgi zaytun daraxtlari soyasi ostida yuzini moviy suvlarga qaratgan Assos Ida tog‘i etagida joylashgan Egey javohiridir. Chanoqqal’aning Ayvajik tumanida asrlar davomida ko‘plab sivilizasiyalarga mezbonlik qilgan Assos beg‘ubor tabiati, musaffo havosi va qadimiy xazinalari bilan Egey dengizining eng go‘zal nuqtalaridan biridir.
Egey dengizining salqin yo‘li
Assos cheksiz moviy suvlarga sho‘ng‘ish mumkin bo‘lgan ko‘plab ko‘rfazlar va plyajlarga boydir. Kadirga va Sivrije kabi betakror ko‘rfazlar, Sokakag‘zi kabi toza plyajlar va ko‘plab so‘lim go‘shalar, jumladan, Qadimgi Port ham bu toza landshaftning o‘ziga xos va qo‘l tegmagan go‘zalliklaridandir. Boshqa tomondan, Kadirga ko‘rfazi uzun, keng qirg‘oq chizig‘i va Moviy bayroq maqomi bilan ajralib turadi. Assos qirg‘oqlari asosan katta toshlardan iborat bo‘lsa-da, odamlar ko‘pincha yog‘och ustunlar orqali dengizga sakrashadi. Aytish joizki, Assosning geografik joylashuvi tufayli dengizi biroz kechroq isiydi va suvlari O‘rta yer dengiziga qaraganda sovuqroq. Assosning yana bir xususiyati uning turli xil turar joy imkoniyatlaridir.
Assosning ulug‘vor qadimiy shahri
Assosning go‘zal qirg‘oq chizig‘ining eng maftunkor jihati bu - Egey dengizining jozibali manzaralarini taqdim etuvchi va harakatsiz vulqon tepaligida qurilgan qadimgi Assos shahridir. Shahar tarixi miloddan avvalgi VI asrga borib taqaladi. Bugungi kungacha saqlanib qolgan muhtasham devorlari va arxeologik qazishmalarda topilgan g‘ayrioddiy inshootlari bilan maftun aylagan qadimiy shahar 2017 yilning may oyida YUNESKOning Jahon madaniy merosi vaqtinchalik ro‘yxatiga kiritilgan edi. Uning mashhur insonlari orasida bu yerda falsafa maktabiga asos solgan faylasuf Aristotel ham bor. Afina ibodatxonasi qadimiy shaharning ko‘rish kerak bo‘lgan xazinalaridan biri sifatida ajralib turadi. Assos akropolida joylashgan Afina ibodatxonasi shahar himoyachisi sifatida tanilgan ma’buda Afinaga bag‘ishlangan. Ustunlari va ajoyib dengiz manzarasi bilan ko‘zni qamashtiruvchi bino Onado‘lidagi yagona Arxaik-Dor ibodatxonasi namunasi bo‘lgani uchun arxitektura jihatidan ham ahamiyatlidir. Shaharning eng baland nuqtasida joylashgan bu ibodatxonani ziyorat qilish, ayniqsa, quyosh botganda, haqiqatan ham unutilmas tajriba. Quyosh botishini tomosha qilgandan so‘ng, Agora, Gimnaziya va ochiq teatr kabi shaharning boshqa qismlarini kashf qilish mumkin.
Behramkale
Behramkale qishlog‘i qadimiy shahar devorlari ichida joylashgan kichik aholi punktidir. Qishloqning tor ko‘chalarida sayr qilish davomida tosh me’morchilik va hunarmandchilikning ajoyib namunasi bo‘lgan tarixiy uylarga duch kelinadi. Bundan tashqari, qishloq ayollari ushbu ko‘chalarda o‘zlari tashkil etgan savdo rastalari yoki kichik do‘konlarida esdalik sovg‘alari va qo‘lda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sotadi. Bu yerda turli xil o‘tlar va zaytun moyidan tayyorlangan uy taomi “tarhana” sho‘rva, nordon qatiq, sabzavot, ko‘katlar, xushbo‘y ziravorlar va qo‘lda ishlangan naqshli bezaklar kabi ko‘plab mahalliy va tabiiy mahsulotlarni topish mumkin.
Qishloqda Usmonlilar davridan qolgan masjid va ko‘prik ham bor. XIV asrda kvadrat shaklidagi va yagona gumbazli qurilgan Xudavendigar masjidi mehrobidagi murakkab geometrik naqshlar bilan e’tiborni tortadi. Behramkale yaqinidagi Tuzla oqar suvi ustidagi Xudavendigar ko‘prigi me’moriy jihatdan o‘zining puxta o‘ylangan arklari bilan diqqatga sazovordir. Avtomobillar harakati uchun yopiq bo‘lgan 600 yillik nafis ko‘prikdan o‘tish mumkin. Assos, shuningdek, uni o‘rab turgan go‘zal mahalliy qishloqlar tufayli o‘rganishga arziydigan joy. Assosdan atigi yarim soatlik masofada joylashgan Yeshilyurt va Adatepening tarixiy, maftunkor va xushmanzara qishloqlari mintaqa uchun ko‘rish kerak bo‘lgan joylar ro‘yxatida bo‘lishi kerak. Adatepe qishlog‘ida Adatepe zaytun moyi muzeyi joylashgan. Turkiyaning birinchi zaytun moyi muzeyi bo‘lgan ushbu majmua zaytun moyi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini kuzatish imkonini beradi.
Ta’mi og‘izda qoladigan lazzatlar
Tarixiy va tabiiy go‘zalliklari bilan mashhur bo‘lgan Assos, shuningdek, ajoyib gastronomik maskan bo‘lib, mazali mintaqaviy lazzatlari bilan ajralib turadi. Bu yerda qovoq guli do‘lmasidan dengiz loviyalarigacha Egey oshxonasining barcha lazzatlarini topish mumkin. Portdagi restoran va tavernalarda sakkizoyoqli salat, baliq kabob, qo‘rada pishgan olabaliq, chayon sho‘rva, qo‘rada pishgan kalamar va sabzavotlar kabi Assosning o‘ziga xos taomlarining ta’mi og‘izda qolishiga shak shubha yo‘q. Tepaliklari zaytun daraxtlari bilan qoplangan Assos Turkiyaning mashhur zaytun moyi uchun to‘xtash “bekat”laridan biridir. Sabzavot, o‘tlar va zaytun moyidan tayyorlangan gazaklarni tatib ko‘rish va ajoyib zaytun moylarini xarid qilish mumkin. Assosda kun davomida mintaqaning mashhur tut siropi bilan salqinlashni unutmang!