Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Do‘zaxdan qutqarib, Jannatga kirishga yordam beradigan amallar

Do‘zaxdan qutqarib, Jannatga kirishga yordam beradigan amallar

Biz kimmiz? Qayerdan kelib qolganmiz? Nega yashayapmiz? Hayotimizning mazmuni, maqsadi nima o‘zi? Bu savollar ustida hamma bosh qotirsa kerak, biroq hamma ham ularga to‘g‘ri javob topa oladimi? Bu savollarga javob topish uchun har bir insonning ichki dunyosi, uning tarbiyasi, ota-onasi bergan poydevor muhim rol o‘ynaydi.

Moddiy noz-ne’matlar, qadriyatlar, ijtimoiy maqom, yuqori lavozim ko‘pchilik odamlar uchun hayotining asosiy maqsadi, bu maqsadlarga erishish esa ular kechirayotgan turmushning mazmun-mohiyatiga aylanib qolgan. Biroq inson shu narsalar uchun yaratilganmi? Inson hayotining mazmuni, maqsadlari hamda ko‘plab boshqa savollarga Muqaddas Qur’on javob berib bo‘lgan. Ammo ko‘pchilik odamlar savollariga javob istab Islomning Asosiy Kitobiga murojaat qilavermaydilar.

Qur’onga muvofiq, inson holi-hayotining mazmuni Allohni Xoliq sifatida tan olib, uning amrlariga bo‘ysunish va ixtiyoriy ravishda Uning O‘zigagina  bandalik qilishdan iboratdir. Misol uchun, Alloh Jalla va Jalalahu “Mulk” surasida:“(Ey insonlar, U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq – yaxshiroq amal qilguvchi ekanligingizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir.U Qudratli va Mag‘firatlidir”, – deya xitob qiladi (Mulk, 2-oyat). Ushbu oyatga muvofiq inson borligining  mazmuni sinov, imtihondir. Boshqa oyatda inson hayotining mazmuni Uning O‘zigagina bandachilik qilishdan iboratligini ta’kidlaydi: “Men jin va insonni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriot, 56). Har bir inson intilishi kerak bo‘lgan maqsad haqida so‘z yuritilganda, bu savolga Muqaddas Qur’onning quyidagi oyati uzil-kesil javob beradi: “Qiyomat kunida, hech shak-shubhasiz, ajr-savoblaringizni komil suratda olursiz. Bas, kim do‘zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay. Bu hayoti dunyo esa aldaguvchi matodir” (Oli Imron, 185). Oyatda ochiq va ravshan shaklda inson o‘zining yerdagi hayotini shunday yashab o‘tishi kerakki,Do‘zax azobidan qutulib, Jannatga kirishga erishishi lozim deyilgan. Buning isbotini Payg‘ambarimiz (ﷺ)ning sunnatlaridan topamiz: “Jannatdagi qamchidek joy butun dunyo va undagi bor narsalardan yaxshidir” (Buxoriy va Muslim).

Qur’on tomonidan vazifa qilib berilgan maqsadga erishish uchun bizlar nima ishlarni qilishimiz kerak? Ibodatda bo‘lishimiz, Allohning roziligiga erishish uchun ko‘plabsolih amallarni bajarishimiz shart. Gunoh ishlardan tiyilishimiz lozim. Biroq osiy bandalar nima qilishi zarur? Do‘zaxdan qutulib, Jannatga qanday kirsa bo‘ladi? Yoki hammasi shunchalik nochor ahvolga tushib qolganu, unga hech narsa yordam bera olmaydimi?!

O‘rta asrlarning taniqli islom faqihi shayx Taymiya rohimahullohu anhu o‘zining fatvolar majumasida osiy bandalarning Do‘zax azobidan qutulishi va Jannatga tushishiga yordam beradigan o‘nta amalni sanab o‘tganlar.

— Tavba. Tavba – gunoh sodir etgan va sodir etilgan ishdan samimiy pushaymon bo‘lgan insonning ichki holati, Allohdan boshqa panohi yo‘qligini tushunib yetishi va chin ko‘ngildan sodir etilgan gunoh uchun pushaymon bo‘lib Uning O‘ziga qaytishidir. Bunaqa odamni Alloh Jalla va Jalaluhu mag‘firat qilishga va’da bergan, chunki u G‘ofur va tavbalarni qabul qiluvchi Zot bo‘lib: “(Ey Muhammad alayhissalom), Mening (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) o‘z jonlariga jinoyat qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zigina Mag‘firatli, Mehribondir”(Zumar, 53) deb biz bandalariga marhamat qiladi. Tavba odamni gunohlardan poklaydigan eng yaxshi vosita – mexanizm sanaladi. Allohning bandalari tomonidan sodir etilgan gunohlar orasida Rahmon kechirmaydigani yo‘q, agar bandasi chin ko‘ngildan tavba qilgan bo‘lsa.

— Istig‘for. Istig‘for – Allohdan gunohlarning kechirilishini so‘rab munojot qilmoqlik. Birinchi qarashda tavba bilan istig‘for bir narsadek ko‘rinishi mumkin. Biroq bular boshqa-boshqa bo‘lgani bilan bir-biriga hamohang yuradilar. Agar tavba inson qalbining holati, ibodatning ichki bir harakati bo‘lsa, istig‘for – til bilan amalga oshiriladigan ibodat sanaladi. Aytilgan gaplarning tasdig‘ini Payg‘ambarimiz (ﷺ)ning hadislaridan topishimiz mumkin: “Pushaymon bo‘lish – tavbadir”. Shuningdek, boshqa hadisda “Allohga qasamki, men bu kunda yetmish marta istig‘for aytaman va tavba qilaman” (Muslim). Hadisning boshqacha variantida “yuz marta” deb aytilgan. Ko‘rib turganimizdek, bu hadisda istig‘for va tavba alohida eslanmoqda. Qur’onda istig‘for va tavba birga kelayotgan joylari bor: “Ey qavmim, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng unga tavba-tazarru qilingiz” (Hud, 52). Istig‘for ham tavba kabi insonni gunohlardan poklaydi, buning uchun istig‘for chin qalbdan, samimiy bo‘lishi kerak.Olllohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamhadislarida aytilishicha, “Banda gunoh ishni sodir etib chin yurakdan: “Ey Parvardigorim, men gunohkorman”, – desa, Alloh: “Bandam Mag‘firatli va yordam beruvchi Parvardigori borligini bilibdi, shuning uchun Men uni mag‘firat qilaman”, – deydi. Shundan so‘ng banda yana o‘sha gunohni sodir etadi va: “Ey Allohim, men yana gunoh ish qilib qo‘ydim”, – deydi va Alloh uni yana mag‘firat qiladi va bu qancha bo‘lsa ham Alloh uni qayta-qayta kechiraveradi” (Buxoriy, Muslim). Hadisning mazmuni shundaki, agar inson chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib istig‘for aytsa, Alloh uni kechiradi. Biroq bu banda og‘izda istig‘for aytib, ma’siyatida davom etsa, Alloh uning gunohlarini kechirishini anglatmaydi.

— Hasanot. Banda Allohning jamolini ko‘rish ishtiyoqida qilgan har qanday solih amallar hasanot deb aytiladi. Solih amallar gunohlarga kafforat bo‘ladi. Buning tasdig‘ini biz Qur’onda va hadislarda topishimiz mumkin. Qur’oni Karimda: “Kunduzning har ikki tarafida va kechadan bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qiling! Albatta, yaxshi amallar yomonlik-gunohlarni ketkazur, bu eslatma olguvchilar uchun bir eslatmadir” (Hud, 114), deb aytilgan. Bir kunda besh vaqt namozning ado etilishi va ular bilan bog‘langan qo‘shimcha nafl namozlari eng yaxshi solih amallardan sanaladi. Ular nafaqat bandani Allohga yaqinlashtiradi, balki uning mukofotlanishini va gunohlarining o‘chirilishini ta’minlaydi. Bu yerda gunohi sag‘iralar (kichik gunohlar) ko‘zda tutiladi va bu haqda sahih hadislarda eslatib o‘tiladi. Ulardan birida aytilishicha: “Besh vaqt namoz, juma namozlari, Ramazon ro‘zasi ular orasida sodir etilgan barcha gunohi sag‘iralarga kafforat bo‘ladi, illo gunohi kabiralardan tashqari” (Muslim). Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamhadislarida Laylatul-Qadr kechasida, haj va umra safarida qilingan ibodatlar gunohlarning o‘chirilishiga olib kelishi haqidagi ma’lumotlarni topishimiz mumkin. Rasuli Akram (ﷺ): “Muntazam ravishda haj va umra amallarini ado eting, chunki ular qashshoqlikni va gunohlarni go‘yo temirchining olovi temir, oltin va kumushdagi toshqollarni ketkazgandek yo‘q qiladi. Hajji mabrur uchun Jannatdan boshqa mukofot yo‘q” (Termiziy, Nasoiy).

— Musulmonning o‘z birodari haqiga duo-iltijosi. Musulmonlarning o‘z birodarlarining gunohlarini mag‘firat qilinishini so‘rab iltijo qilgan duolari mehribon Alloh bandalarining gunohlarini kechirishiga olib keladigan sabablardan biridir. Misol uchun, marhumning haqiga o‘qilgan janoza namozi. Hadisda aytilishicha, “Musulmonlarning yuz kishiga yetgan jamoasi marhumlarning biriga janoza o‘qisayu, namoz o‘quvchilar uning gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rasa, ularning duolari albatta ijobat bo‘ladi” (Muslim).  Hadisning boshqa variantida aytilishicha, marhumning gunohlari mag‘firat qilinishi uchun janoza o‘qigan jamoatning soni qirq kishidan kam bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, marhumning dindosh birodarlari va yaqinlari qilgan duolari bois uning gunohlari mag‘firat bo‘ladi. Muqaddas Qur’onda aytilganidek: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: "Parvardigoro, O‘zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlar uchun biron g‘illi-g‘ash qilmagin. Parvardigoro, albatta, Sen MehribonvaRahmlidirsan” (Xashr, 10).

— Sinovlar. Mo‘min zimmasiga yuklanayotgan sinovlar ham sodir etilgan gunohlarning kafforat bo‘lishiga olib keladi. Har qanday odamning hayoti bir tekis, biz istaganimizdek sokin o‘tmasligini bilamiz. Insonning boshiga qiyinchiliklar kelib tushishi odatiy hol. Bular – turli dard va jismoniy hamda ruhiy aziyatlar, yaqinlar bilan ayriliq iztiroblari, suyukli va yaqin insonlarning o‘limi, qashshoqlik. Xoliqqa iymon keltirgan har bir mo‘min uchun bularning hammasi imtihon sanaladi. Agar banda turli og‘ir vaziyatlarga tushib qolib, sabr qilsa, hammasi Alloh tarafidan yuborilayotgan sinovlar ekanligini tushunsa, u Allohning roziligiga va gunohlarining mag‘firat qilinishiga erishadi. Bularning bari Jannatga yetaklashini bilamiz. Alloh Qur’oni Karimda aytganidek, “Albatta, biz sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. (Ey Muhammad alayhissalom) biron musibat kelganida: «Albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz U Zotga qaytguvchilarmiz», – deydigan sabrli kishilarga xushxabar bering!” (Baqara, 155-156). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamhadislarida ham “Bandaning boshiga tushgan har qanaqa musibat – u charchoq bo‘ladimi yoki kasallik, qalbini xavotirlik yoki g‘am-g‘ussa egallashi, noxushliklar, qayg‘u va hatto tikanning sanchilishi evaziga Alloh qaysidir bir gunohining mag‘firat qilishiga olib keladi” (Buxoriy). Shunday qilib, biz ro‘baro‘ bo‘layotgan turli hayotiy vaziyatlarga va qiyinchiliklarga to‘g‘ri baho bera olish keyingi hayotimizda faqat foyda keltiradi.

— Qabr azobi. Musulmon kishi AllohTaolodan butun vujudi bilan panoh berishini so‘raydigan sinovlar bor, har bir musulmon ularga duch kelmasligiga intiladi. Shunaqalar toifasiga qabr azobi kiradi. Uning haqligini Qur’on va Sunnat tasdiqlagan. Alloh Taborak va TaoloQur’onda: “(U azob bir) olovdirki, ular erta-yu kech o‘shanga ko‘ndalang qilinib (kuydirilurlar). (Qiyomat) Soati qoyim bo‘ladigan Kunda esa (do‘zax (farishtalariga): “Fir’avn xonadonini eng qattiq azobga kiritinglar", (deyilur)”. Ushbu oyat bircha ulamolar tomonidin qabr azobi haq ekaniga ochiq dalil deb tafsir qilingan. Chunki unda hali Qiyomat qoyim bo‘lmasdan turib Fir’avn va unga ergashgan kofirlar erta-yu kech olov azobiga giriftor qilinishi ochiq-oydin bayon etiladi. Yana necha o‘nlab muborak hadislar ham ushbu oyati karima mazmunini – qabrda azob bo‘lishini tasdiqlaydi. Jumladan, Ibn Abbos roziallohu a’nhu rivoyat qilgan hadisda Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamikki qabrning yonidan o‘tib keta turib: “Ularning ikkovi ham azoblanmoqdalar. Biroq ularning azoblanishiga gunohi sag‘iralar sabab bo‘lgan. Mayitning biri hayotlik chog‘ida siydigi sachrashidan kiyimlarini ehtiyot qilmagan, boshqasi esa chaqimchilik qilgan”, – dedilar. Qabr azoblari nechog‘liq dahshatli va noxush bo‘lmasin, ular bandani gunohlardan tozalaydi. Qabr gunoh ishlarni sodir etib, tavba qilmay o‘tgan mo‘min uchun go‘yo bir hammom kabidir. Qabr azobi osiy bandalarni Do‘zaxda kutayotgan azoblarga hech qanaqasiga teng kela olmaydi, shuning uchun Alloh Jannatga kiritishdan oldin poklanishning shunday usulini tanlagan. Alloh bizlarni ushbu ikki turdagi azoblardan O‘zi asrasin va bu dunyoni iymon ila mag‘firat etilgan holda, Uning roziligi bilan tark etishimizni nasib qilgan bo‘lsin!

Qiyomat kunidagi imtihonlar. Qayta tirilish kunida o‘zining boshiga tushgan taqdirni bilishdan oldin Alloh Taoloning Yakkaligiga iymon keltirgan mo‘minlarningo‘tadigan sinovlari ham ularning gunohlardan poklanishiga sabab bo‘ladi.Qiyomat kunidagi sinovlar ham xuddi qabr azobi kabi haqdir. Bu kunda odamlarni ko‘plab qiyinchiliklar kutib oladi: qilgan amallari bois ular noxush ter ostida qoladilar; issiq chidab bo‘lmaydigan darajada bo‘ladi; insonlarning og‘izlari muhrlab qo‘yiladi, uning tana a’zolari sodir etilgan gunohlar haqida guvohlik beradilar; azobning naqadar buyukligini ko‘rgan odamlar xuddi mastga o‘xshab yuradilar. O‘sha kuni odamlar ota-onasini, aka-singillarini va bola-chaqalarini unutib qo‘yadilar. Har biri faqat o‘zining taqdiri borasida qayg‘uradi. Hamma odamlar yalang‘och holda bo‘lgani bilan, o‘z muammolari va qiyinchiliklari borasida tashvishlanayotganlari bois buni sezmaydilar ham. Mo‘minlarning yuzlari oq, osiy bandalarniki esa qora bo‘lib qoladi. Muqaddas Qur’onda shunday deyilgan:“Ey insonlar, Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Zero, (Qiyomat) Soati (oldidagi) zilzila ulug‘dahshatli narsadir. Uni ko‘rar kuningizda emizayotgan (onalar) emizib turgan (bolasini) unutar va barcha homilador (ayollar) o‘z homilasini tashlab yuborar; odamlarni mast-alast holda ko‘rursiz, holbuki, ular o‘zlari mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir” (Haj, 1-2). Shuningdek, boshqa oyati karimada shunday deyilgan: “Vaqtiki kar qiluvchi ovoz kelsa, u Kunda kishi o‘z aka-ukasidan qochadir va onasi va otasidan va xotini va bola-chaqasidan” (Abasa, 33–37)

Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamaytgan ekanlar: “Qiyomat kunida odamlar yalang‘och, yalangoyoq va xatna qilinmagan holda jamlanadilar”.  Oisha roziallohu anho so‘radilar: “Yo Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam! Erkaklar va ayollar bir-birlariga qaraydilarmi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam“Ey Oisha! Odamlar shunaqa holatga tushib qoladilarki, bu bilan mutlaqo ishlari bo‘lmaydi” (Muslim)”. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadislardan ma’lum bo‘lishicha, Qiyomat kuni Quyosh odamlarga juda yaqin keltirilganidan Yer yuzi temirdek bo‘ladi. Odamlar o‘zlarining gunohlari bois chiqqan terlariga cho‘ka boshlaydilar. Ba’zi odamlar terlariga oshiqlarigacha botib qoladilar, boshqalari – tizzalarigacha, uchinchilari – bellarigacha, boshqalari – bo‘g‘zilariga qadar. Ba’zilar o‘zlarining yelimdek yopishqoq va sassiq terlariga butunlay cho‘kib ketadilar. Bularning hammasi sodir etgan gunohlari uchun tavba qilmagan va mag‘firat qilinmagan gunohkorlarga gunohlardan poklanish uchun yuklanadi.

— Vafot etgan birodari uchun tiriklar tomonidan qilingan savob ishlar. Marhumning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan qilinayotgan solih amallar: sadaqa, haj, umra va boshqa amallarning savobi mayitga yetib borishi ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamhadislarida  shunday deyilgan: “Ro‘za tuta olmay qolgan marhumning o‘rniga uning valiylaridan biri tutib qo‘ysin”. Ulamolar bu borada ro‘za tutmasdan tutilmay qolgan ro‘zaning har bir kuni uchun bir miskinni taomlantirishni afzal ko‘rganlar.

— Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamshafoatlari. Qiyomat kunida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari haqdir va bu to‘g‘rida Alloh Taborak va Taolo Qur’oni Majidda shunday deb aytadi: “Shoyadki, Parvardigoringiz sizni (qiyomat kunida) maqtovli (ya’ni, gunohkor ummatlaringizni shafoat qilib oqlaydigan) maqomda tiriltirur” (Isro, 79). Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamshunday deganlar: “AllohTaolodan menga ikki narsadan birini tanlash huquqi berildi: ummatimning yarmini Jannatga kiritish yoki shafoat qilishga izn olish. Men shafoat qilishga izn olishni tanladim”. Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamaytdilarki: “Men ummatimga toki AllohTaolo nomidan “Yo Muhammad, endi rozimisiz?” deya so‘ralgunimga qadar “Yo Robbim! Endi men roziman” deb aytgunimcha shafoat qilaveraman". Shunday qilib, osiy bandalarning qalbini ilitib, umid uyg‘otuvchi yana bir imtiyoz – Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamshafoatlari bo‘lib qolmoqda.

— Allohning rahmati va Uning mag‘firati. Qiyomat kunida osiy bandalarning gunohlari hech qanday sabablarsiz mag‘firat qilinadiva Allohning rahmati barcha mo‘minlar uchun eng ulkan ne’mat bo‘lib qoladi. Faqat Uning Rahmati tufayli barcha mo‘minlar Jannatga kirib ketishlari mumkin. Abu Hurayra roziallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan: “Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallambir kuni “Hech kim Jannatga amallari tufayli kirmaydi” deb aytganlarini eshitdim. [Odamlar] “Hatto Sizni hammi, yo Rasululloh?” deb so‘radilar. [Payg‘ambar] aytdilar: “Agar Alloh meni o‘z fazli va marhamatiga olmasa, hatto meni ham kiritmaydi. Shuning uchun to‘g‘ri yo‘ldan og‘may harakatlaning, hech kim o‘ziga o‘lim tilamasin, agar u savob ishlar qilayotgan bo‘lsa, balki, bundan ham ko‘proq savob ishlarni qilsin, agar kimki yomon ishlarni qilayotgan bo‘lsa, tavba qilsin!” (Buxoriy). Allohning rahmati juda keng, shuning uchun mo‘min odam Uning Rahmatidan noumid bo‘lmasin. AllohTaolo Qur’onda shunday degan: “Parvardigorining fazlu rahmatidan faqat adashgan kimsalargina noumid bo‘lurlar” (Hijr, 56). Hammalarimiz AllohTaoloning Qayta tirilish kunida ko‘rsatiladigan ulkan marhamatiga umid qilamiz. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamshunday dedilar: “AllohTaoloning zaxirasida rahmatning yuz qismi bor bo‘lib, ulardan faqat bittasini Yerga nozil qilgan va uni barcha insonlar, jinlar, hayvonot va hasharot olamida taqsimlab qo‘ygan. Aynan shu bois odamlar bir-birlariga mehr ko‘rsatadilar, xuddi shu bois yovvoyi hayvon o‘z bolasiga nisbatan muhabbat his etadi. Qolgan to‘qson to‘qqiz qismini Alloh Taolo Qiyomat kunida o‘z bandalariga nozil qilish uchun qoldirgan”.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 16:17 31.05.2020. O'qildi: 11089 marta. Fikrlar soni: 6 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!